O‘zbekiston 1−19 iyun kunlari futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. Musobaqalar Toshkent va Qarshi shahridagi «Bunyodkor», «Paxtakor», «Lokomotiv» va «Markaziy» stadionlarida bo‘lib o‘tadi. Yaponiya hamda «Liverpul» klubi o‘yinchisi Takumi Minamino, Eron terma jamoasi futbolchilari Mexdi Taremi va Alireza Beyranvand hamda qatarlik Almoyez Ali kabi o‘yinchilarni kashf etgan musobaqaga bugun start beriladi.
Futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogi. Foto: OFK
Turnir O‘zbekistonda o‘tishi o‘tgan yili ma’lum bo‘lgan edi. Qayd etilishicha, O‘FA U23 Osiyo kubogini O‘zbekiston qabul qilishi bo‘yicha OFKga so‘rovnoma yuborgan va O‘FA mutaxassislari mazkur chempionatni mamlakatda o‘tkazish bo‘yicha tender jarayoniga doir zaruriy hujjatlarni OFK vakillariga taqdim etib, muzokaralar olib borgan. Shundan so‘ng Osiyo futbol konfederatsiyasi U23 Osiyo kubogi bellashuvlarini O‘zbekistonda o‘tkazishga rozilik bergan.
Dastlab Xitoy ushbu chempionatni 2023 yilgi Osiyo kubogiga tayyorgarlik musobaqasi sifatida o‘tkazishi kerak bo‘lgan. Biroq 2020 yil 15 oktabrda Xitoy futbol assotsiatsiyasi turnir jadvalidagi ziddiyat, boshqa xalqaro tadbirlar oldidan stadion qurilishini yakunlash muddatlaridagi muammolar va COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan xavotirlarni hisobga olgan holda musobaqani bekor qilgan edi.
Turnir O‘zbekistonda 19 kun davomida qit’aning eng yaxshi 16 jamoasi o‘rtasida o‘tkaziladi. Chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan ochilish bahsi «Paxtakor» stadionida O‘zbekiston U23 va Turkmaniston U23 olimpiya jamoalari o‘rtasidagi bellashuv bilan boshlanadi. Final o‘yini 19 iyun kuni «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadi.
OFK vakili Pavel Luzanov boshchiligidagi delegatsiya. Foto: O‘FA
Ma’lum bo‘lishicha, musobaqa oldidan U23 Osiyo kubogini o‘tkazishga mas’ul shaxslar O‘zbekistonga yetib kelishgan. Xususan, Osiyo futbol konfederatsiyasining hakamlar departamenti rahbari Shamsul bin Maidin, OFKning musobaqalar o‘tkazish bo‘limi rahbari Avaz Berdiqulov hamda mas’ul xodimi Pavel Luzanov kabi bir qator mas’ul shaxslar, maxsus delegatsiyalar O‘zbekistonga kelishgan.
Avstraliya U23 olimpiya jamoasi vakillari. Foto: O‘FA
BAA U23 olimpiya jamoasi. Foto: O‘FA
1 iyun kuni O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining «A» guruhidagi raqiblari Eron U23 va Qatar U23 olimpiya jamoalari o‘rtasidagi 1-tur bahsi «Bunyodkor» stadionida o‘tkaziladi. Shuningdek, chorshanba kungi bellashuvlar orasidan Avstraliya U23 − Quvayt U23 hamda Iordaniya U23 − Iroq U23 olimpiya jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar o‘rin olgan. Mazkur bahslarga Qarshidagi «Markaziy» o‘yingohi mezbonlik qiladi.
Qarshidagi «Markaziy» stadioni musobaqaga tayyor. Foto: O‘FA
Jasur Jaloliddinov − O‘zbekiston U23 olimpiya jamoasi sardori. Foto: O‘FA
Ma’lumot o‘rnida, futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogi bellashuvlari FUTBOL TV hamda UZREPORT TV telekanallari orqali jonli efirda uzatilishi rejalashtirilgan.
Guruhlar va o‘yinlar bo‘lib o‘tadigan stadionlar, shuningdek, uchrashuvlarning boshlanish vaqtlari quyida ko‘rsatilgan.
«A» guruhi
- O‘zbekiston U23
- Eron U23
- Qatar U23
- Turkmaniston U23
1 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Bunyodkor» stadioni
Eron U23 − Qatar U23
1 iyun, soat 20:30
Toshkent, «Paxtakor» stadioni
O‘zbekiston U23 − Turkmaniston U23
4 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Bunyodkor» stadioni
Turkmaniston U23 − Eron U23
4 iyun, soat 20:00
Toshkent, «Paxtakor» stadioni
Qatar U23 − O‘zbekiston U23
7 iyun, soat 22:00
Qarshi, «Markaziy» stadioni
O‘zbekiston U23 − Eron U23
7 iyun, soat 22:00
Toshkent, «Bunyodkor» stadioni
Qatar U23 − Turkmaniston U23
«B» guruhi
- Avstraliya U23
- Iordaniya U23
- Iroq U23
- Kuvayt U23
1 iyun, soat 18:00
Qarshi, «Markaziy» stadioni
Avstraliya U23 − Quvayt U23
1 iyun, soat 22:00
Qarshi, «Markaziy» stadioni
Iordaniya U23 − Iroq U23
4 iyun, soat 18:00
Qarshi, «Markaziy» stadioni
Iroq U23 − Avstraliya U23
4 iyun, soat 22:00
Qarshi, «Markaziy» stadioni
Quvayt U23 − Iordaniya U23
7 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Lokomotiv» stadioni
Avstraliya U23 − Iordaniya U23
7 iyun, soat 18:00
Qarshi, «Markaziy» stadioni
Iroq U23 − Quvayt U23
«S» guruhi
- Janubiy Koreya U23
- Tailand U23
- Vetnam U23
- Malayziya U23
2 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Lokomotiv» stadioni
Janubiy Koreya U23 − Malayziya U23
2 iyun, soat 20:00
Toshkent, «Bunyodkor» stadioni
Tailand U23 − Vetnam U23
5 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Lokomotiv» stadioni
Vetnam U23 − Janubiy Koreya U23
5 iyun, soat 20:00
Toshkent, «Bunyodkor» stadioni
Malayziya U23 − Tailand U23
8 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Paxtakor» stadioni
Janubiy Koreya U23 − Tailand U23
8 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Lokomotiv» stadioni
Vetnam U23 − Malayziya U23
«D» guruhi
- Yaponiya U23
- Saudiya Arabistoni U23
- Tojikiston U23
- BAA U23
3 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Paxtakor» stadioni
BAA U23 − Yaponiya U23
3 iyun, soat 20:00
Toshkent, «Lokomotiv» stadioni
Saudiya Arabistoni U23 − Tojikiston U23
6 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Paxtakor» stadioni
Yaponiya U23 − Saudiya Arabistoni U23
6 iyun, soat 20:00
Toshkent, «Lokomotiv» stadioni
Tojikiston U23 − BAA U23
9 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Lokomotiv» stadioni
Saudiya Arabistoni U23 − BAA U23
9 iyun, soat 18:00
Toshkent, «Bunyodkor» stadioni
Yaponiya U23 − Tojikiston U23
Chorak final o‘yinlari 11−12 iyun kunlari bo‘lib o‘tsa, yarim final bellashuvlari 15 iyunga belgilangan. Uchinchi o‘rin uchun bahs 18 iyun kuni «Paxtakor» stadionida o‘tkaziladi. Final esa, yuqorida ta’kidlanganidek, 19 iyun kuni «Bunyodkor» o‘yingohida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U23 olimpiya jamoasi 2018 yil Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo kubogida g‘alaba qozongan. Futbolchilar finalda Vetnam U23 jamoasi bilan asosiy bo‘limlarda durang o‘ynab, ekstra taymlarda 2:1 hisobida g‘alaba qozongan holda 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempioniga aylangan edi.
O‘z navbatida, bu galgi musobaqa oldidan O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov O‘zbekiston U23 olimpiya jamoasi bilan uchrashib, futbolchilarga vatan sharafi uchun kurashish va yurt obro‘sini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qilish lozimligini aytgan. U olimpiya jamoasining oldida turgan asosiy maqsadlardan biri — Parij Olimpiadasiga puxta va tizimli tayyorgarlik ko‘rish ekanini ta’kidlagan.