Toshkentda «buxanka» narxi 2800 so‘mga ko‘tarildi

O‘zbekistonda 1 iyundan boshlab qolipli non («buxanka») narxi oshib, 2800 so‘mga sotilmoqda. Antimonopoliya qo‘mitasi bunga munosabat bildirdi. «Un mahsuloti zahirasi shakllantirilgan bo‘lib, narx navolarning keskin oshib ketmasligi uchun zarur miqdorda savdolarga qo‘yib boriladi», — deyiladi xabarda. Qo‘mita fuqarolardan sun’iy «ajiotaj» vujudga keltirmaslikni so‘ramoqda.

O‘zbekiston o‘simlik yog‘i mahsulotlarini eksport qilishni taqiqladi

1 iyundan boshlab paxta, kungaboqar yog‘i va urug‘i hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalarini eksport qilish vaqtincha taqiqlandi. Ushbu mahsulotlar ichki bozorda yetarli bo‘lgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi eksportni qayta tiklashi mumkin. Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi ham vaqtincha to‘xtatildi.

USAID O‘zbekiston qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun $2,4 mln ajratadi

AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistondagi, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,4 mln dollar ajratadi. Mablag‘lar ayollarni tadbirkorlik ko‘nikmalari va kasb-hunarga o‘rgatish, ularning faoliyatini mikromoliyalashtirish, qolaversa, murabbiylik va bandlik dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

«Ozodlik Radiosi» O‘zbekistonda jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazishni muhokama qilmoqda

«Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosi» media korporatsiyasi prezidenti Jeymi Flay Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda «Ozodlik» materiallari O‘zbekiston qonunchiligi va «jurnalist etikasiga» mos kelishi, qolaversa, jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Ko‘p qavatli uylar konstruksiyalarini noqonuniy o‘zgartirganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Prezident imzolagan qonunga muvofiq, ko‘p kvartirali uylar konstruksiyalarini noqonuniy o‘zgartirganlik va ularga tutash yerda qurilish ishlarini amalga oshirganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Huquqbuzar jismoniy shaxslar 9 mln so‘mgacha, mansabdorlar esa 15 mln so‘mgacha jarimaga tortiladi. Qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs ixtiyoriy ravishda muammoni bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Qarshida xavfsizlik kamariga yozilgan jarima sabab yo‘lni to‘sib qo‘yganlarning 3 nafari 10 sutkaga qamaldi

Qarshida xavfsizlik kamarini taqmaganlik uchun belgilangan jarimadan norozi bo‘lib yo‘lni to‘sgan taksi haydovchilarning 3 nafari 10 sutkaga qamaldi, yana 12 nafari ogohlantirildi.

Fuqaroviy qurol va o‘q-dorilarni hadya etish taqiqlandi

«Qurol to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etish taqiqlanmoqda. Shuningdek, ov quroli va o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh chegarasi 25 yosh etib belgilandi. Qolaversa, qurol egalari davriy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib turiladi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi aholi va fermerlarni somon poyalarini yoqmaslikka chaqirdi

G‘alla o‘rim yig‘imi mavsumi boshlanishi munosabati bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi aholi va fermerlarni dalalarda qolgan somon poya qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi. Somon poya qoldiqlarini yoqish iqtisodiyot va atrof-muhitga ko‘plab zarar etkazadi. Bu tuproq unumdorligining keskin pasayishiga, havoning ifloslanishiga va boshqa zararlarga olib keladi.

Muzeylardagi madaniy boyliklarni muhofaza qilish kuchaytiriladi

O‘zbekiston muzeylarida eksponatlarning ommaviy o‘g‘rilanishi va qalbakilashtirilishi haqidagi xabarlardan so‘ng, prezident muzey ashyolari va kolleksiyalarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish, ularni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Toshkentdagi uchta muzeyni xorijiy muzeylar tajribasi asosida rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyalar yaratish ishlari olib borilmoqda. Qolaversa, Madaniy meros kodeksi ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Jahongir Ortiqxo‘jayev ta’sischisi bo‘lgan kompaniya «O‘zgazloyiha»dagi davlat ulushini sotib oldi

Ta’sischisi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘lgan Prime Tower Group kompaniyasi «O‘zgazloyiha» loyiha institutining davlat ulushini 21,5 mlrd so‘mga (1,95 mln dollar) sotib oldi. Tenderga xalqaro kompaniyalardan Grant Thornton xususiylashtirish, Dentons esa huquqiy masalalar bo‘yicha konsultant sifatida jalb qilindi.

Narxlar keskin tebrangan davrda Antimonopoliya qo‘mitasi vakolatlari kengayadi

Prezident Antimonopoliya qo‘mitasi va uning huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga qo‘shimcha vakolatlar yukladi. Ular narxlar keskin tebranadigan davrlarda korxonalar hududiga bevosita kirib, omborlaridagi mavjud zaxiralarni xatlovdan o‘tkazish hamda asossiz oshirilgan narxlarni pasaytirish, ortiqcha oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va boshqalar bo‘yicha majburiy taqdimnomalar kiritish huquqiga ega bo‘ldi.

Samarqandda 19 kishi to‘yda ovqatdan zaharlandi

Jomboy tumanida 19 nafar fuqaro to‘yda ovqatdan zaharlanib, tibbiyot birlashmalariga murojaat qilgan. Ulardan 14 nafarining sog‘ligi qoniqarli, 5 nafari tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Samarqand viloyat IIB ijtimoiy tarmoqlarda to‘yda 200 kishi zaharlangani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Qashqadaryoda 27 yoshli fuqaro o‘z uyida o‘ldirib ketildi

Qarshida 27 yoshli fuqaroning jasadi uyidan qotillik alomatlari bilan topildi. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi uni 18 yoshli fuqaro o‘ldirganlikda ayblanayotganini ma’lum qildi, gumonlanuvchi hibsga olindi.

May oyida yillik inflyatsiya 11%ga yetdi

May oyida yillik inflyatsiya 2021 yil avgustidan beri birinchi marta 11%lik ko‘rsatkichga qaytdi. O‘tgan oyda inflyatsiya nooziq-ovqatlar sohasida eng kuchli bo‘lgan — 1,3%. Oziq-ovqatlar 1,2%ga, xizmatlar esa 0,4%ga qimmatlagan.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

1 iyundan nimalar o‘zgaradi?

budjet tashkilotlari xodimlarining 12 foizga oshirilayotgan ish haqi, malaka toifasiga qarab tibbiyot xodimlarining oshayotgan oylik maoshi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyozlar, ipoteka kreditining dastlabki badali qoplab beriladigan yosh vatandoshlar, xarajatlarining bir qismi to‘lanadigan mahalliy sayyohlar, volontyorlar uchun elektron platforma — 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekistonda o‘tayotgan futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogi haqida nimalar ma’lum?

1 iyundan 19 iyungacha Toshkent va Qarshi shaharlaridagi to‘rtta stadion futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. Ilk bellashuvda Avstraliya U23 − Quvayt U23 olimpiya jamoalari maydonga chiqsa, musobaqaning rasmiy ochilish marosimi 1 iyun kuni «Paxtakor» stadionida boshlanib, O‘zbekiston U23 va Turkmaniston U23 jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan davom etadi. Barcha jamoalar va turnir o‘tkazilishiga mas’ul shaxslar O‘zbekistonga yetib kelgan. Musobaqa jadvali, stadionlar va boshqa tafsilotlar.