4 iyun kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qorasuv hududidagi turar-joy binosining beton qoplamali yerto‘la qismidan Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonni bog‘lovchi yerosti tunneli topildi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib Kaktus Media xabar berdi.

Aniqlanishicha, 17,5 metr chuqurlikda joylashgan tunnelning kirish joyi 1,8 metr, kengligi esa 70−80 smni tashkil etadi. Kirishdan chiqish yo‘ligacha bo‘lgan umumiy masofa 155 metrga teng.

Videodan lavha.

Hozirda har ikki davlat huquq-tartibot idoralari ushbu tunnelni kim va nima uchun qazgani, undan kontrabanda yoki boshqa qonunbuzarlik holatlari uchun foydalanilgani bo‘yicha surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Avvalroq ham O‘sh viloyati Qorasuv tumanidagi Telman qishlog‘ida 270 metr uzunlikdagi Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonni bog‘lovchi yerosti tunneli topilgandi. Uning yordamida ikki mamlakatga bemalol o‘tish mumkinligi, tunnelni qaziganlikda gumon qilinayotgan shaxs esa ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanligi aytilgan.