DXX xodimlari tomonidan Andijon va Samarqand viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Andijon viloyatidagi holatda Asaka tumanidagi pillachilikka ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari o‘zining 1988 y.t., muqaddam sudlangan qarindoshi bilan mazkur MCHJga tegishli bo‘lgan 1 gektar yer maydonini sotishga urindi. U hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga esa 180 ming dollar talab qilganligi aytilmoqda.


U so‘ralgan puldan 120 ming dollarini qarindoshi orqali olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Davlat kadastrlari palatasining Payariq tuman filiali mutaxassisi muqaddam o‘zboshimchalik bilan egallab olgan 3 gektar lalmi yer maydonini sotishga urindi. Ta’kidlanishicha, aslida mazkur maydon mahalliy hokimlik zaxirasida bo‘lgan.

Gumondor uzumzor tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorga har bir gektar yerni 60 mln so‘mdan jami 180 mln so‘mga sotishga kelishadi. Shuningdek, mazkur yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 900 AQSh dollari ham talab qiladi, deyiladi DXX xabarida.


U so‘ralgan pul mablag‘larini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Samarqand tumanida kuzatilgan holatda esa 1986 y.t. shaxs issiqxona qurish uchun boshqa bir fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan 50 sotix yer maydonini ishlab chiqarish korxonasi qurmoqchi bo‘lgan tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 ming dollar talab qilib, oldindan 70 ming dollar olgan vaqtida ushlandi, deyiladi xabarda.

Boshqa bir holatda, Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 1968 va 1972 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ham issiqxona tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorning ishonchiga kirib, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 70 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 65 ming dollar talab qilib, oldindan 32 ming dollar olgan vaqtlarida ushlangan.


Shuningdek, Oqdaryo tumanida istiqomat qiluvchi, 1990 y.t. shaxs Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 5 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming dollar talab qiladi.


U so‘ralgan puldan 25 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan, deyiladi xabarda.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.