O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi 11 − 16-iyun kunlari Surxondaryo viloyatida ommaviy qabullar o‘tkazadi. Bu haqda Xalq qabulxonasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.
Mazkur ommaviy qabullar davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar muammolari bilan ishlashni samarali tashkil etish, hududlarda yechimini kutayotgan masalalarni “mahallabay” o‘rgangan holda joyida va tezkor hal etish maqsadida tashkil etilmoqda.
Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Sudyalar Oliy kengashi, Bosh prokuratura, Davlat soliq qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Ichki ishlar, Moliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab quvvatlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Qurilish, Favqulodda vaziyatlar hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Markaziy bank, budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, “O‘zbektelekom” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, “O‘zsuvta'minot” AJ, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman), Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi rahbarlari aholini qabul qiladi.
Ommaviy qabullar o‘tkaziladigan manzil va sanalar bilan quyida keltirilgan jadval orqali tanishish mumkin.
Aholi keladigan hududlar nomi | Sayyor qabul o‘tkaziladigan joy | Sana va vaqti |
Qumqo‘rg‘on, Bandixon va Sho‘rchi | “Yangi yer” MFY, | 11-iyun soat 10:00 dan |
Denov, Oltinsoy | “Istiqbol” MFY, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti binosida | 12-iyun soat 10:00 dan |
Sariosiyo, Uzun | “Shoxjahon” MFY, Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot texnikumi binosida | 13-iyun soat 10:00 dan |
Jarqo‘rg‘on, Termiz, Termiz sh. | “Surxon sohili” MFY, Madaniyat uyi binosida | 14-iyun soat 10:00 dan |
Angor, | “Madaniyat” MFY, Monomarkaz binosida | 15-iyun soat 10:00 dan |
Boysun | “O‘rta Machay” MFY, oilaviy poliklinika bog‘ida | 16-iyun soat 10:00 dan |
Eslatib o‘tamiz, mazkur qabullar joriy yilning 5−11-may kunlari Farg‘ona viloyatidan boshlangan edi.