O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eronning Janubiy Xuroson muzofotida ro‘y bergan falokat tufayli mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiyga hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

8 iyun kuni Eron sharqida sodir bo‘lgan poyezd halokatid oqibatida kamida 21 nafar yo‘lovchi vafot etdi, 87 kishining esa jarohat olgani ma’lum bo‘ldi, deya yozgan NYT.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ertalab, tumanli havoda Tabas shahridan 50 km uzoqlikda yettita vagondan iborat poyezd relslar yaqinidagi ekskavator bilan to‘qnashib ketgan. Natijada to‘rtta vagon relsdan chiqib, ag‘darilgan.

Tunda ekskavator nima uchun poyezd yo‘liga yaqin joyga kelgani hozircha noma’lum. Rasmiylardan biri bu ta’mirlash loyihasining bir qismi bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Eron ommaviy axborot vositalari hodisa yuzasidan tergov ishlari olib borilayotganini xabar qildi.