“Tashkent Art Fest-2022” — bu O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan keng qamrovli rassomchilik va san’at festivalidir. 6 iyundan 9 iyungacha poytaxtning 100 dan ortiq kutilmagan joylarida turli xil rassomlik ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi.

Festival xalqaro aeroport, metropoliten, Nest One binosining cho‘qqisida, shaharning bog‘ va sayilgohlarida, mehmonxona va 50 ga yaqin restoranlar kabi noodatiy joylarda bo‘lib o‘tdi. Ushbu ko‘rgazmalarda poytaxt aholisi va mehmonlari nafaqat rassomlarning tayyor asarini, balki shu joylardan ilhomlanib yorqin rasmlarning yaratilish jarayonini ham tomosha qilishdi.


10 iyun kuni botanika bog‘ining qoq markazida rasm chizish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Tanlovda kutilgan 250 nafar ishtirokchi o‘rniga 700 dan ortiq turli xil yoshdagi va turli xil muassasalardan rassomlar ishtirok etishdi. Bunday ko‘p ishtirokchilar soni tashkilotchilar uchun ham kutilmagan edi.

Topshiriq esa sodda — “Toshkent”, ya’ni poytaxt haqidagi taassurotni qog‘ozda aks ettirish edi.

Asarlarning yaratilishi hakamlar a’zolari tomonidan nazorat qilindi. Aynan shu yerda “Tashkent Art Fest-2022” doirasidagi yorqin taassurotlar tug‘ildi.

Festivalda Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari, Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktab-internati o‘quvchilari, O‘zbekiston badiiy akademiya a’zolari, P. Benkov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi o‘quvchilari ishtirok etishdi.


Rassomlik va san’at festivali yakuniga bag‘ishlab 11−12 iyun kunlari soat 10:00 dan 22:00 gacha O‘zbekistonning iqtidorli rassomlarining 1000 dan ortiq asarlari ko‘rgazmalari, turli xil sovrinli tanlovlar, bolalar uchun qo‘l ishi hunarlari va ko‘pgina boshqa qiziqarli tadbirlar o‘tkaziladi.

12 iyun kuni “Moviy gumbazlar” sayilgohida tanlov g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlanadi.

Tanlov natijalariga ko‘ra:

  • 1-o‘rin g‘olibiga — Moskva shahriga ikki kishilik uch kun sayohat va Tretyakov Galereyasi bo‘ylab ekskursiya;
  • 2-o‘rin g‘olibiga — Nukus shahriga ikki kishilik sayohat, Savitskiy nomidagi san’at muzeyi bo‘ylab ekskursiya;
  • 3-o‘rin g‘olibiga — grafik planshet.

Bu hali hammasi emas, gran-pri sohibi uchun Abu-Dabiga 2 kishilik uch kun sayohat va Luvr rassomlik muzeyi bo‘ylab ekskursiya taqdim etiladi.


Bundan tashqari turli xildagi nominatsiya g‘oliblari uchun sertifikat va sovg‘alar beriladi. Gala-konsert esa festivalga yakun yasaydi.

Festival mobaynida O‘zbekistonda san’at kutilganidan ancha yuqori baholanishi yaqqol ko‘zga tashlandi. Festivalda san’atdan rohatlanib, uning og‘ushida yashaydigan ko‘pgina yoshlar qatnashishdi. Ushbu festival san’at shaydolarini, o‘z ishining professionallarini, shu sohada ta’lim olayotgan talaba va o‘quvchilarni ko‘rsatdi. Ko‘zlarida olov uchquni yonib turgan rassomlarning san’atga bo‘lgan muhabbatidan ta’sirlangan festival tashkilotchilari ushbu loyihani Toshkent aholisi va mehmonlari uchun har yili o‘tkazishga qaror qilindi.

Reklama huquqlari asosida.