O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQShga tashrifning ilk kunida AQSh rasmiylari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralari vakillari bilan bir qator uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.
Xususan, AQSh davlat kotibining Fuqarolar xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Uzra Zeya bilan uchrashuv chog‘ida tomonlar mamlakatda majburiy mehnatga barham berish, odam savdosining oldini olish va unga chek qo‘yish, qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, bu borada xalqaro tuzilmalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan huquqiy hamda institutsional chora-tadbirlar muhokama qilindi.
«Davlat kotibi o‘rinbosari mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholadi, O‘zbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida aql bovar qilmas yutuqlarga erishganini, Qo‘shma Shtatlar mamlakatimizdagi o‘zgarishlarning ijobiy dinamikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi. Uning fikricha, erishilgan yutuqlar to‘qimachilik sohasida jahon bozorida O‘zbekistonning raqobatbardoshligini mustahkamlaydi», — deyiladi xabarda.
Uzra Zeya Davlat departamentining odam savdosi to‘g‘risidagi ma’ruzasida O‘zbekistonning o‘rni «nazorat ostidagi ro‘yxat»dan ikkinchi darajaga (Tier-2) ko‘tarilganini qutlar ekan, ushbu sa’y-harakatlar davom ettirilishiga umid bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini yanada yaxshilash uchun yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Tanzila Narbayeva AQSh Kongressi Tashqi ishlar qo‘mitasidagi Osiyo, Tinch okeani va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha quyi qo‘mita raisi, Kaliforniya shtatidan saylangan kongressmen-demokrat Ami Bera bilan ham uchrashdi.
Ami Bera O‘zbekiston-Amerika hamkorligi istiqbollari haqida gapirar ekan, Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyot va savdo sohasidagi hamkorlikni yaxshilash uchun barcha imkoniyatlarni izlayotganini, shuningdek, O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashda ko‘p qirrali hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligini aytib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston-Amerika kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan parlamentlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tanzila Narbayeva tashrif doirasida AQShning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha komissiyasining (Xelsinki komissiyasi) katta siyosiy maslahatchisi Jenis Xelvig bilan uchrashdi
Jenis Xelvig O‘zbekistonning YeXHT, ayniqsa Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) bilan aloqalari barqarorligiga urg‘u berdi. U mamlakatda YeXHT tavsiyalari va bosh prinsiplarini tatbiq etish davom ettirilishiga umid bildirdi.