BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning noyabr oyidan hozirgi kunga qadar Termiz orqali Afg‘onistonga 42 ming tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natilgan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika habiga bag‘ishlangan xabarida aytildi.

Prezidentning 21 iyundagi qarori bilan Termez Cargo Center`ga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berilgan edi. U yerdan 2021 yildan buyon BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar Afg‘oniston va boshqa davlatlarga yordam ko‘rsatmoqdalar.

TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat hali ham og‘ir. Avval xabar qilinganidek, dahshatli zilzila oqibatida 1000dan yaqin odam halok bo‘lgan, 1500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Birgina tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Xost viloyatida 600 ga yaqin uy vayron bo‘lgan. Nangarhor, Panjsher, Xost va Paktika viloyatlariga kelgan suv toshqini oqibatida yana 400 kishi halok bo‘lgan. Suv toshqinlari uylar va qishloq xo‘jaligi yerlarini yuvib ketgan.
BMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘oniston aholisining deyarli yarmi, 18 million aholi yashash uchun gumanitar yordamga muhtoj holga kelgan. Besh yoshgacha bo‘lgan afg‘on bolalarining yarmidan ko‘pi yaqin kelajakda to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqi chog‘ida «Hozirgi og‘ir davrda Afg‘onistonni yakka holda, mavjud katta muammolar bilan yolg‘iz qoldirishga haqqimiz yo‘q», deb ta’kidlagan edi.
Termiz shahridagi xalqaro transport-logistika habi zarur infratuzilmalar — xalqaro aeroport, daryo porti, temir yo‘l va Afg‘oniston bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘llariga ega. Termez Cargo Center logistika terminalining o‘zi esa Afg‘oniston chegarasidan atigi 2 km uzoqlikda joylashgan va eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

BMT rahbariyati, boshqa yetakchi xalqaro tashkilotlar va ko‘plab davlatlar O‘zbekistonning Termizdagi mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi, deyiladi TIV xabarida.

2021 yil dekabr oyida BMTning qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi Termizdan Afg‘onistonga 40 tonna asosiy yordam buyumlaridan iborat insonparvarlik yordamining birinchi partiyasini jo‘natdi. 2022 yil fevral oyida esa komissarlik boshqarmasi Afg‘onistondan ehtimoliy qochqinlar oqimiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Termizdan Tojikistonga 20 tonna yordam jo‘natgan edi.

Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarlik Termiz shahridagi boshqaruv idorasiga gumanitar yuklarni yetkazib berish geografiyasini kengaytirish imkoniyati bilan «Mintaqaviy gumanitar logistika markazi» maqomini berdi.
Bundan tashqari, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar hamda xorijiy davlatlar ham O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan foydalanishdan manfaatdor.
O‘zbekiston o‘zi ham Afg‘onistonga yordam ko‘rsatmoqda. 2021 yil sentabr va dekabr oylarida hukumat Termiz orqali qo‘shni davlatga umumiy hajmi 5000 tonnadan ortiq bo‘lgan ikkita yirik gumanitar yordamni yetkazib berdi. 2022 yil aprel oyida, Ramazon hayiti arafasida O‘zbekiston Afg‘onistonga yana 4 ming tonnaga yaqin gumanitar yuk yetkazib berdi. Yordam oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak, to‘qimachilik mahsulotlari, bug‘doy va ko‘mirdan iborat edi.

«Xalqaro markazning tashkil etilishi jahon hamjamiyatining afg‘on masalasidagi manfaatlari va sa’y-harakatlariga mos keladi, — deyiladi TIV xabarida. — Eng muhimi — bu afg‘on xalqiga eng zarur tovarlarni tezkorlik bilan yetkazib berish va shu tariqa afg‘on xalqiga gumanitar inqirozni bartaraf etishda samarali yordam ko‘rsatish imkonini beradi».

O‘zbekiston bu borada barcha xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilishga tayyor, deya ishontirdi Tashqi ishlar vazirligi.