O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida Madaniy-gumanitar aloqalar, turizm va sport masalalari boshqarmasi tashkil etildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, mazkur boshqarma Madaniyat, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va turizm, gumanitar aloqalar sohalarida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tuzildi.
Vazirning ma’naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi Anvar Abduxalimov bir vaqtning o‘zida mazkur boshqarmaga rahbarlik qiladi.
Yangi boshqarma faoliyatida “yumshoq kuch”, xalq, madaniy va sport diplomatiyasi vositalaridan keng foydalanishga ustuvor ahamiyat beriladi, deyiladi xabarda.
Anvar Abduxalimov.
“Boshqarma xorijiy muzey fondlari, arxivlari va kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekistonning milliy madaniy va ilmiy meroslarini izlab topish, qaytarish, shu jumladan asl nusxalarning dublikatlarini olish orqali qaytarishda ishtirok etadi. O‘zbek tili, madaniyati, tarixi, adabiyotini xorijda o‘rganish va taqdim etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashadi”, — deyiladi xabarda.
Qolaversa, tuzilma vakolatiga kiruvchi yo‘nalishlar bo‘yicha talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida va akademik shartnomalar hamda memorandumlar tuzish choralarini ko‘radi.