Qarshi shahar harbiy prokuraturasi Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida xizmat qilgan 18 yoshli Ruslan Qidiraliyevning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

«27 iyun kuni Qarshi harbiy prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi Harbiy prokuratura xabarida.

Jinoyat ishi tergovi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgani qo‘shimcha qilindi.

Marhum askarning otasi Rinat Sualetovning Kun.uz`ga ma’lum qilishicha, jinoyat ishi bo‘yicha tegishli ekspertizalar tayinlangan. Ekspertiza Respublika idoralari tomonidan o‘tkazilishi belgilangan va ekspertiza chog‘ida Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasi nechog‘li to‘g‘ri ekaniga ham baho beriladi.

O‘zbekiston qonunchiligida dastlabki tergov muddati uch oy etib belgilangan. Biroq marhumning yaqinlariga aloqaga chiqqan tergovchi ish yurituvini 3 oygacha cho‘zish niyatida emas ekanliklari, ekspertiza natijalariga qarab jinoyat ishini imkon qadar tezroq sudga oshirish harakatida ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 8 aprel kuni harbiy xizmatga chaqirilgan 18 yoshli Ruslan Qidiraliyev xizmat vaqtida vafot etgandi.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida 18 yashar askarning o‘limiga «yurakning surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi» sabab bo‘lgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda «o‘tkir yurak va qon-tomirlari yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi» ko‘rinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan.

Biroq marhumning yaqinlari bunga ishonishmagandi. O‘smir yigitning otasi Rinat Sauletov o‘g‘li kasal bo‘lganida uni armiyaga jo‘natmasligini ma’lum qildi.

«Agar bolam kasal bo‘lganda armiyaga jo‘natib o‘tirmasdim. „Ota, Vatanga xizmat qilmoqchiman, yigitlik burchimni bajarmoqchiman“ degani uchun yuborgandim. Bo‘lmasa, pulini to‘lab, bir oylik yig‘inga jo‘natsam bo‘lardi, hozir afsus qilyapman shunga», — dedi u.

Marhumning otasi farzandining qon guruhi 2-guruh manfiy ekani, biroq jasadni olib kelgan harbiylar o‘g‘linikiligini aytib tashlab ketgan xizmat kiyimi (forma)da uning qon guruhi 1-guruh musbat ekani qayd etilganini aytmoqda.

«Harbiy qasamyod qabul qilayotgan vaqtda o‘g‘limni ko‘rishga borganimda egnidagi formada qon guruhi 3-guruh musbat deb yozilgandi. Qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin? Ertaga askarlarga bir nima bo‘lib qolsa, qon quyishga to‘g‘ri kelsa, u esa hushida bo‘lmasa, kiyimidagi ma’lumotlar asosida qon quyishadi-ku. Noto‘g‘ri qon quyilishi natijasida u o‘lib qolsa, nima bo‘ladi?! Xonoboddagi harbiy qismda faqat mening o‘g‘limniki emas, boshqa askarlarning formasidagi qon guruhi ham noto‘g‘ri yozilganiga guvoh bo‘lgandim. O‘g‘limdan buning sababini so‘raganimda kimga qaysi forma to‘g‘ri kelsa, shuni kiyib olishgan, boshqa forma yo‘q deb aytgandi», — deydi Rinat Sauletov.

Gulzira Sauletovaning aytishicha, 28 may kuni ikki oylik ta’minot maoshi — sakkiz yuz ming so‘mdan ko‘proq o‘g‘lining plastik kartasiga kelib tushgan. Marhum Ruslan do‘kondan qarzi borligi, borib shuni to‘lab kelishini aytgan.

«Odatda do‘kondan nima olsa, menga telefon qilardi, sms bordimi deb so‘rardi. Plastigini mening raqamimga ulab qo‘ygandi. Shu kuni do‘konga borayotganini aytib telefon qildi, ammo u yerdan qaytgandan so‘ng qo‘ng‘iroq qilmadi. Yuragim juda g‘ash bo‘ldi. Taxminimizcha, o‘sha kuni tunda nimadir sodir bo‘lgan va bu plastikdagi pul bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin», — deydi Gulzira Sauletova.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, plastik ayni vaqtda qayerda, kimning qo‘lida qolganini, undagi pullarga nima bo‘lganini bilishmaydi.