Toshkent viloyatining Qibray va Yuqorichirchiq tumanlarida Bosh prokuratura, DXX va IIB xodimlari o‘qishga kiritish bilan bog‘liq holatlarni aniqladi.
Chirchiq shahridagi holatda Olimpiya zaxiralari kolleji o‘qituvchisi J.B. va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi E.A. boshqa bir fuqaroni ushbu universitetga tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishiga ishontirgan. Buning evaziga 4500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi, deyiladi xabarda.
Yuqorichirchiq tumanida ham Jismoniy tarbiya va sport universitetiga tanishlar yordamida o‘qishga kiritib qo‘yishga urinish holati kuzatildi. Unda gumondor boshqa bir fuqarodan 4500 dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.