Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat rejimi yumshatildi

Qoraqalpog‘istonda komendantlik vaqti 23 dan soat 5 ga qadar etib qisqartirilmoqda, bunga qadar soat 21 dan soat 7 gacha edi. Respublikadagi vaziyat barqarorlashgani tufayli prezident hududda favqulodda holat rejimini yumshatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

200 ming so‘mlik banknota muomalaga chiqariladi

Markaziy bank 15 iyuldan 200 ming so‘mlik banknota muomalaga chiqarilishini ma’lum qildi. Mazkur banknota «Buyuk Ipak yo‘li» hamda Farg‘ona vodiysining qadimiy tarixiga bag‘ishlangan.

BAAning uchta kompaniyasi O‘zbekistonda elektr energiya ishlab chiqarishga $3 mlrdlik investitsiya kiritadi

«Talimarjon» IES BAAning «Mubadala» va «Taqa» kompaniyalari yordamida modernizatsiya qilinadi. «Masdar» kompaniyasi Samarqand, Surxondaryo, Jizzax va Navoiyda quyosh va shamol elektr stansiyalarini quradi. Mazkur loyihalarga jami $3 mlrd jalb etiladi, bunda mahalliy mahsulotlar va ishchi kuchidan foydalaniladi.

Sirdaryoda to‘rt nafar yoshlar ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatganlikda gumonlanmoqda

Mirzaobod tumanida 18−24 yoshlar orasidagi to‘rt nafar fuqaro «Tavhid va jihod katibasi» terrorchilik tashkiloti ta’sirida ekstremistik mazmundagi audio-video materiallarni tanishlari orasida targ‘ib qilib kelganlikda ayblanmoqda. Sud gumondorlarni aybdor deb topsa, 5 yildan 8 yilgacha qamalishi mumkin.

17−22 iyul kunlari harorat 47 darajagacha isib ketishi kutilmoqda — O‘zgidromet

17−22 iyul kunlari O‘zbekistonning turli hududlarida havo xarorati +41 darajadan +47 darajagacha, xususan, Toshkent shahrida +45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Buni sinoptiklar mintaqadan jaziramani «surib haydab yuboradigan» sovuq antitsiklon oqimlari mavjud emasligi bilan izohlashmoqda.

Havoni ifloslantirayotgan beshta gips ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Ekologiya qo‘mitasi Farg‘ona viloyatida havoni ifloslantirayotgan beshta gips ishlab chiqaruvchi korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, majburiy ko‘rsatmalar bergandi. Qo‘mita korxonalar berilgan muddatda ko‘rsatmani bajarmagani uchun ularni sudga berdi.

Samarqandda o‘z joniga qasd qilgan ayolning eriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toyloq tumanida 30 yoshli ayol o‘z joniga qasd qilgandi. Sud-tibbiy ekspertiza marhumaning tanasida yengil tan jarohatlari mavjudligini aniqladi. Marhumaning turmush o‘rtog‘iga nisbatan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish moddasi bilan jinoyat ishi ochildi.

O‘zbekiston va YeIK Hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlari ro‘yxatini imzoladi

O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlari ro‘yxatini imzoladi. Unda bojxona hamkorligi, sanitariya va fitosanitariya standartlari, yuk tashishni raqamlashtirish va boshqa sohalardagi yondashuvlarni bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.

Jarimasi mavjud transportlar YPX postlarida to‘xtatiladi

Hukumat qarori bilan 13 iyuldan YPX postlarida transportlar jarimalari bor yoki yo‘qligiga qarab, «yashil» va «qizil» yo‘laklarga yo‘naltiriladi. Qarzdorligi bor haydovchilar shu joyning o‘zida to‘lovni amalga oshirsa, harakatda davom etishiga ruxsat beriladi, aks holda esa mashina jarima maydonchasiga qo‘yiladi.

YTH: Toshkentda elektrosamokatdan yiqilgan fuqaro shifoxonada olamdan o‘tdi

Toshkentda elektrosamokat boshqaruvini yo‘qotgan fuqaro ariqqa yiqilib tushib, olgan tan jarohatlari oqibatida shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.

Qashqadaryoda ayol eri va uning qarindoshlari tomonidan «samosud» qilindi

Qashqadaryoda ayol o‘zining eri va uning qarindoshlari tomonidan kaltaklandi. Viloyat IIB bunga ayol boshqa fuqaro bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgani sabab bo‘lganini aytmoqda. Ayolni bog‘lab qo‘yib, sochini kesib, kaltaklagani va qamchi bilan muttasil urgani uchun gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Andijon hokimi qarorida qanday qilib vazirlarga topshiriq ketgani tushuntirildi

Andijon viloyati hokimi prezident qarori bandlari ko‘chirilgan hujjatni imzoladi, buning oqibatida u bir qancha vazirlar va Toshkent shahar hokimiga topshiriq bergandek tasavvur uyg‘otdi. Viloyat adliya boshqarmasi bu qanday sodir bo‘lgani va hujjat nega huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaganini tushuntirdi.

Turkmaniston prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi

14−15 iyul kunlari Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. U prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazadi va Samarqandga boradi.

YeTTB Samarqandga elektrobuslar xarid qilish uchun 95 mln yevrogacha mablag‘ ajratishi mumkin

YeTTB Samarqand shahri uchun elektrobuslar partiyasi, ular uchun zaryadlash shoxobchalari va boshqa infratuzilma obyektlarini sotib olishga 95 mln yevrogacha mablag‘ ajratishi mumkin.

Xiva restavratsiya maktabi tashkil etiladi

Hukumat qarori bilan Xiva restavratsiya maktabi tashkil etiladi. Soha mutaxassislarining malakasini oshirish, «ustoz-shogird» an’analarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqot olib borish hamda xorijlik ekspertlar ishtirokida ilmiy anjumanlar tashkil etish maktabning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Uzbekistan Airways Toshkentdan Tokioga aviaparvozlarni qayta yo‘lga qo‘ymoqda

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2020 yil martida to‘xtatilgan Toshkent — Tokio muntazam reysini qayta yo‘lga qo‘ymoqda.

Farg‘onadagi muzeyda 70 ta eksponat soxta bo‘lib chiqdi

Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida umumiy bahosi 2,5 mlrd so‘mlik 70 dona noyob eksponat qalbakilari bilan almashtirilgani aniqlandi.

OTM talabalardan «obxodnoy» to‘ldirishni talab qilishi prezident farmoniga zid — Adliya vazirligi

Ayrim OTMlarda prezident farmoniga zid ravishda talabalardan «aylanma varaqa»ni qog‘oz shaklda to‘ldirib kelish talab etilmoqda. Adliya vazirligi o‘tkazgan tekshiruvlarda bu o‘z tasdig‘ini topdi. Oliy ta’lim vazirligi va tegishli OTMlarga prezident farmoni ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotomateriallar:

Foto: Koinotning inja go‘zalligi James Webb nigohida

NASA eng kuchli James Webb kosmik teleskopi tomonidan olingan ilk suratlarni e’lon qildi. Ularda — koinot qa’rining olis yoshligi: yulduzlar va galaktikalarning tug‘ilishi va o‘limi, qora tuynuklar hamda ulkan kosmik chang bulutlari aks etgan.

«O‘zbek taksisi paraplanda uchishdan xavfliroq». Paraplanchi o‘z mashg‘uloti haqida

Chorvoq paradromida parvoz qilish istagidagilarga bu baxtni o‘zbek paraplanerizmi kashshofi Vyacheslav Chesenko tortiq etmoqda. «Gazeta.uz» undan shogirdlari, ko‘zi ojiz yo‘lovchilar, o‘zbek paraplanerizmi tarixi va rivojlanishi haqida so‘radi.

«IT sohasi faqat aqllilarniki emas, bu soha sabrlilarniki» — Mastercard dasturiy muhandisi Azamat Toshtemirov

Mastercard kompaniyasi dasturiy muhandisi Azamat Toshtemirov — «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasining navbatdagi mehmoni. Biz undan davlat organlari va xususiy sektorda ishlash o‘rtasidagi farqlar, AQShdagi o‘qish va Mastercard`dagi ishi, shuningdek, yoshlarga beradigan maslahatlari haqida so‘radik.

Jazirama issiqda qanday jon saqlash mumkin? — tavsiyalar

Jazirama issiq ko‘pchilikning hayotiga xavf solishi mumkin. Bunday sharoitda tanani, xonadonimizni qanday salqin holda saqlashimiz va sog‘lig‘imizni qanday himoya qilishimiz mumkin? «Gazeta.uz» ushbu maqolada bu boradagi tavsiyalarni e’tiboringizga havola etadi.