Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga 95 mln yevrogacha kredit ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Spot bank saytiga tayanib xabar berdi.

Mablag‘lar Samarqand shahri uchun elektr avtobuslar partiyasi, shuningdek, ular uchun zaryadlash shoxobchalari va boshqa infratuzilma obyektlarini sotib olishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Tashabbus shaharning YeTTBning «Yashil shaharlar» dasturiga rasmiy kirishi bo‘ladi.

Qayd etilishicha, loyihaning amalga oshirilishi Samarqandni ishonchli va barqaror jamoat transporti bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, elektr transportiga o‘tish atmosferaga chiqindi gazlar ajratilishini ham kamaytiradi.

YeTTB O‘zbekiston tomoniga loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish uchun bilim, tajriba va imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, u elektroavtobus operatorini yaratish va uning asosiy jarayonlarini yo‘lga qo‘yishni nazorat qiladi.

Loyihaning umumiy qiymati 109,25 mln dollarga baholanmoqda.Elektr transportlarini xarid qilish loyihasini moliyalashtirishga boshqa manbalar, jumladan, tijorat banklariga ham ruxsat beriladi. YeTTB tashabbusning eng yuqori standartlarga muvofiq amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

2021 yil iyun oyida Samarqand O‘zbekistonda birinchi bo‘lib «Yashil shaharlar» dasturiga qo‘shilganini e’lon qilgan edi. Uning doirasida atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish va holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Samarqand shahar hokimligining jamoat transportini rivojlantirish rejasiga ko‘ra, 2022 yil oxiriga qadar 80 ta elektrobus xarid qilish belgilangan. Shahar 2023 yilda yana 100 ta mashina sotib olishni mo‘ljallamoqda.