Nukus voqealarida vafot etganlar soni 3 kishiga ortdi

Nukusdagi voqealar oqibatida halok bo‘lganlar soni yana 3 kishiga ko‘paydi, deya xabar berdi Bosh prokuratura. 16 kishi kasalxonada qolmoqda. Fuqarolar, tashkilotlar va infratuzilmaga yetkazilgan zarar 3,1 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istondagi voqea ishtirokchilari g‘oyib bo‘lganini rad etdi

Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarda qatnashgan ayrim fuqarolarning bedarak yo‘qolgani haqidagi ma’lumotlar «mutlaqo asossiz», deya ma’lum qildi Bosh prokuratura. Avvalroq Open Dialogue Foundation bedarak yo‘qolgan fuqarolarning 58 nafar ismi-sharifi ro‘yxatini e’lon qilgan edi.

UzAuto Motors kompaniyasi Tracker avtomobilini ishlab chiqarishni boshladi

UzAuto Motors Chevrolet Tracker 2023 avtomobilini seriyali ishlab chiqarishni boshladi. Mashina avgust oxirida sotuvga chiqariladi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 80 mingtani tashkil etadi. Shu yil oxirigacha esa 25 mingta krossoverni sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.

Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosari pora olayotganda ushlandi

DXX Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosarlaridan birini o‘z xizmat xonasida MCHJ ish yurituvchisidan 400 dollar pora olayotganda ushladi. U MCHJni «qora ro‘yxat»ga kiritish bilan qo‘rqitib, 500 dollar talab qilgan.

Inkuzart Putin va Zelenskiy tasvirlangan graffitti chizdi

Ko‘cha rassomi Inkuzart o‘zining yangi ishini taqdim etdi. U o‘zida har biri turli burchaklardan ko‘rinadigan ikki portret — Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy tasvirlarini mujassamlashtiradi. «Har kimning o‘z haqiqati borligini aytmoqchi bo‘ldim», — dedi ijodkor «Gazeta.uz»ga.

O‘zbekiston 2031 yilgacha uran qazib olish hajmini ikki baravar oshirmoqchi

2031 yilgacha O‘zbekistonda uran qazib olish hajmini ikki baravar — 2021 yildagi 3526 tonnadan 7100 tonnagacha oshirish rejalashtirilmoqda.

YeXHT missiyasi O‘zbekiston referendumini kuzatishning maqsadga muvofiqligini baholaydi

YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ekspertlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Ular Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha referendumga tayyorgarlik bilan tanishib, ovoz berish jarayonini kuzatishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

90 ming dollarni Tojikistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan ayol to‘xtatib qolindi

DXX hamda bojxona qo‘mitasi xodimlari 90 ming dollarni Tojikistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan ayolni to‘xtatib qoldi. U chegaradan pulning bir qismini avval oyoq kiyimlari ichiga, keyingi safar egnidagi kiyimlari orasiga yashirgan holda o‘tmoqchi bo‘lgan.

Farg‘onaning tog‘li hududlarida muzli sel kelishi xavfi e’lon qilindi

18−24 iyul kunlari Qirg‘iziston hududidan Farg‘ona viloyati tog‘ oldi va tog‘li hududlarida glyatsial (muz) sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Bu tog‘larda bo‘lishi kutilayotgan yuqori issiq harorat foni hisobiga sodir bo‘ladi, deya ma’lum qildi O‘zgidromet.

Elektromobil importi 4,5 barobarga oshdi

2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga umumiy qiymati 34,1 mln dollar bo‘lgan 1125 ta elektromobil olib kirildi. Import hajmi 4,5 barobarga o‘sgan.

O‘zbekistonlik o‘quvchi Xalqaro biologiya olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi

Armanistonda o‘tgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasida o‘zbekistonlik Aziza Abduvaliyeva bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Xalqaro kimyo olimpiadasida 4 nafar 11-sinf o‘quvchisi kumush medalga ega chiqdi

Xitoyda o‘tkazilgan Xalqaro kimyo olimpiadasida Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 3 nafar hamda Navoiy shahridagi maktabning yana bir 11-sinf o‘quvchisi kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Og‘ir atletika bo‘yicha 2024 yilgi Osiyo chempionati Toshkentda bo‘lib o‘tadi

2024 yilda og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qilish uchun Toshkent tanlandi, bu O‘zbekistonga Parij Olimpiadasiga litsenziya ochkolarini taqdim etadi.