Kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi post-patrul xizmatlari faoliyatida «Ye-patrul» tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu haqda hukumatning 22 iyuldagi qarorida so‘z boradi.
Shuningdek, fuqaroni shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi. Barcha ma’lumotlar elektron tekshiriladi va patrul-post xodimi faoliyati «bodikamera»ga tasvirga olinadi.
Xodimlar quyidagi hollarda fuqaroni to‘xtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki «Ye-patrul» tizimi orqali ularning shaxsini aniqlashi mumkin: ️shaxs jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilishga asos bo‘lsa, ️shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarlik haqida ma’lumotga ega deb hisoblash mumkin bo‘lsa;️shaxsni ushlab turishga boshqa qonuniy asoslar bo‘lsa. ️Xodim shaxsni to‘xtatganda uni to‘xtatganlik sabablari va asoslarini tushuntirishi shart.
Yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan fuqaro quyidagi hollarda ichki ishlar organiga olib boriladi:
- ️uning shaxsini planshet orqali aniqlash imkoni bo‘lmaganda;
- ️qidiruvda bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslar aniqlanganda;
- ️shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida qarshilik ko‘rsatganda;
- ️jamoat joyida huquqbuzarlik sodir etish vaqtida ushlanganda.
Fuqaro bilan muloqot qilishda xodim etika qoidalariga rioya qilishi hamda hurmatsizlik sifatida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi, shu jumladan mobil telefonda gaplashmasligi kerak. Shu bilan birga, xodim «hushyor bo‘lishi», o‘zini xotirjam tutishi va «har qanday kutilmagan harakatga tayyor» bo‘lishi lozim.
Bodikamera xodimning xizmati boshlanganidan to oxirigacha yoqilgan bo‘lishi kerak. Uni ruxsatsiz yechish hamda audio va video yozuvlar qo‘yish taqiqlanadi.
Bodikameralarda tushirilgan yozuvlar jinoyatlar bo‘yicha besh yil, ma’muriy huquqbuzarliklar va nazorat-tekshirish faoliyati uchun — bir yil, jinoyat va huquqbuzarlik belgilari bo‘lmagan boshqa holatlar uchun — bir oy saqlanishi kerak.
Bodikameralar 2018 yil 1 iyuldan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari uchun majburiy etib belgilangan edi. Haydovchilarga kamerasiz xizmat olib borayotgan xodimlarga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqi berilgan.