Navoiy viloyatining Karmana tumanida umumiy qiymati 3,285 mlrd so‘m bo‘lgan AntMiner T19 mayning qurilmalarini o‘g‘rilaganlikda gumon qilingan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
31 may kuni Navoiy shahrida yashovchi (1995 y.t.) A.F. issiqxonaga o‘rnatilgan moslamalar o‘g‘rilangani haqida ma’lum qilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandi (O‘g‘rilik, ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Kiberxavfsizlik markazi va uning viloyat bo‘linmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida ikki dona qurilma Toshkent shahar Yunusobod tumanida yashovchi antimayner qurilmalarini ta’mirlovchi (1999 y.t.) usta I.A. tomonidan foydalanib kelinayotgani aniqlandi.
Shundan so‘ng, tezkor surishtiruv olib borilganda mazkur antimayner qurilmalari Karmana tumanida yashovchi N.F. va R.A. (ikkalasi ham 1995 y.t.) tomonidan o‘g‘rilangani ma’lum bo‘ldi. Ular qo‘lga olindi.
N.F.ning yashash xonadonidan 11 dona AntMiner T19 qurilmalari topildi hamda ushbu qurilmalar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olindi.
Hozirda qo‘lga olingan shaxslarning boshqa jinoiy sheriklarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.