Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha yana 14 ta medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Suhrob Xo‘jayev bosqon uloqtirish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. U 71,87 metr natija bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Erkin kurashchi Jahongirmirza Turopov -61 kg vazn toifasida ishtirok etib, finalda ozarbayjonlik sportchini mag‘lubiyatga uchratdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Yana bir oltin medalni para yengil atletika vakili Omadbek Hasanov balandlikka sakrash musobaqalarida (T47) qo‘lga kiritdi. U 1,91 metr natija bilan birinchi o‘rinni egalladi.
-80 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik taekvondochi Shuhrat Salayev finalda turkiyalik sportchini mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu O‘zbekiston taekvondo WT terma jamoasi uchun ikkinchi oltin medaldir.
O‘zbekistonlik sportchi Safina Sa’dullayeva balandlikka sakrashda eng yaxshi natija — 1,97 metr bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu unga shaxsiy ko‘rsatkichini yaxshilash imkonini ham berdi.
Yana bir o‘zbekistonlik sportchi Svetlana Radzivil xuddi shu yo‘nalishda 1,87 metr balandlikni qayd etib, kumush medal sovrindori bo‘ldi.
Yaqinda Kolumbiyada bo‘lib o‘tgan yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 15 yoshli Sharifa Davronova Islom birdamligi o‘yinlarida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Sportchi uch hatlab sakrashda 14,30 metr natija ko‘rsatdi.
Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, eng yaxshi natija (14,41 metr) ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egallagan turkiyalik sportchi Tug‘ba Danishmas qizil chiziqni kesib o‘tdi. Tasvirni qayta ko‘rish orqali sportchi haqiqatan ham texnik xatoga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi va uning natijasi bekor qilindi. Shu tariqa, Sharifa Davronova birinchi o‘rinni egallab, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ayollar kurashi bahslarida -53 kg vazn toifasida ishtirok etgan Aktenge Keunimjayeva delegatsiya hisobiga kumush medalni taqdim etdi. U finalda ozarbayjonlik raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Taekvondochi Zuhra Tojimatova -46 kg vazn toifasida bronza medalni qo‘lga kiritdi. U yarim finalda ozarbayjonlik sportchiga mag‘lub bo‘ldi.
Stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Turkiya termasiga imkoniyatni boy berib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Erkin kurash vakili Bekzod Abdurahmonov isroillik sportchini 34 soniyada mag‘lub etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik badiiy gimnastikachi Rasuljon Abdurahimov Islom birdamligi o‘yinlarida uchinchi sovrinini qo‘lga kiritdi. U parallel to‘sinda o‘tgan mashqda 14.400 ball to‘plab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bungacha Abdurahimov jamoaviy chiqishlarda ikkinchi, yakkakurash dasturida uchinchi o‘rinni egallagan.
Yana ikkita bronza medalni o‘zbekistonlik erkin kurashchilar qo‘lga kiritdi. Bobur Islomov (-92 kg) qirg‘izistonlik raqibini, Hasanboy Rahimov (-125 kg) turkmanistonlik sportchini mag‘lubiyatga uchratdi.
Ma’lumot uchun, Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 21 ta medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi.