O‘zbekiston karlar jamiyati a’zolari BAAga tashrifi davomida eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolar va sayyohlarning hayotini osonlashtiradigan innovatsion yechimlar bilan tanishdi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga jamiyat faollari xabar berdi.

O‘zbekistonda eshitishi qobiliyatini yo‘qotgan insonlar turli tashkilot va korxonalarga murojaat qilishda jiddiy to‘siqlarga uchrab kelishmoqda. Savodi sustligi tufayli ular yozma aloqada ham qiyinchiliklarga duch kelishadi, surdotarjimonlar yetishmovchiligi esa alohida mavzu.

Ta’kidlanishicha, BAA ham ushbu muammo mavjud edi, lekin hozirda raqamli texnologiyalarni faol joriy qilinib, mamlakat ichidagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning hayoti yaxshilanmoqda. Shuningdek, nogironligi bor sayyohlarni qabul qilib, to‘siqsiz sayohat qilish uchun sharoit yaratilmoqda.

Gulf People of Determination Information Technologies (GPDIT) kompaniyasi eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun — Imo-ishoraga masofadan (onlayn) tarjima qilish dasturini ishlab chiqqan va hozirda mahalliy sinovlar o‘tkazilmoqda. Ilova O‘zbekiston karlar jamiyati vakillariga ham ma’qul keldi, shubhasiz, bu tajribani O‘zbekistonda ham amalga oshirish imkoni mavjud.


Imo-ishoraga masofadan (onlayn) tarjima qilish dasturi — bu Android va iOS uchun foydalanishga tayyor mahsulot ilovasi bo‘lib, uni har qanday mamlakatda va har qanday vaziyatda oson moslashtirish va amalga oshirish mumkin.

“Eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar savodsizligining sabablaridan biri bu — boshqalar bilan muloqot qilishda qiyinchilikka duch kelishi, ma’lumotlarning yetishmasligi, jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarni o‘tkazib yuborish kabi mezonlardir. Bu nafaqat ularning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, balki savodxonligining zaiflashishiga, o‘z huquqlarini talab qila olmasliklariga olib keladi. Tez rivojlanayotgan davr ularning hayotini qiyinlashtirsada, innovatsiyalar orqali bu to‘siqlarni bartaraf etishning yagona yo‘li bor”, — deyiladi xabarda.

Mamlakatda ko‘plab tarixiy muzeylar, diqqatga sazovor joylar mavjud. Inklyuziv jamiyatni yaratish uchun bunday texnologiyalarni rivojlantirish va eshitish qobiliyatiga ega bo‘lmagan va eshitadigan insonlar o‘rtasidagi aloqani soddalashtirish kerak, shunda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar boshqalar bilan bir qatorda o‘zlarini yanada qulay his qilishadi.

Faollarning ta’kidlashicha, iyul oyi o‘rtalarida O‘zbekistonga Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan 200ga yaqin eshitishida nuqsoni bo‘lgan sayyohlar kelgan. Surdotarjimonlarning yetishmasligi sababli ular diqqatga sazovor joylar va muzeylarga tashrifi chog‘ida sifatli ma’lumot olishda qiyinchilikka duch kelishgan. “Muzeylar va boshqa obidalar tarixini batafsil bilib olishga qiynalishdi”, — deyiladi xabarda.

Kelajakda mobil ilova nafaqat eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun, balki biznes sohasi vakillari uchun ham foydali bo‘ladi, shuningdek, davlat idoralari xodimlarini ular bilan muloqot qilishda suhbatini soddalashtiradi.

Hozirda O‘zbekiston karlar jamiyati faollari ushbu dasturni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda yirik biznes vakillari va davlat idoralari bilan muzokaralar olib bormoqda.