16 avgust kuni bank xodimi mijozlarning pullarini talon-toroj qilgani bilan bog‘liq holat aniqlandi, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, mijoz banklardan birining maxsus botiga murojaat qilib, plastik kartasidan 8,08 mln so‘m miqdorida mablag‘ yechib olinganligini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. «O‘sha kunning o‘zidayoq bank xavfsizlik xizmati xodimlar o‘rtasida tergov o‘tkazdi va bu koll-markaz xodimi K.D. (2001 y.t.) tomonidan sodir etilgani aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Huquqbuzar moliya muassasasiga murojaat qilgan mijozlarning murojaatlarini o‘rganib chiqib Telegram messenjerida texnik yordam ko‘rsatuvchi sifatida profil ochgan, so‘ngra muammo borligini ta’kidlab mijozning o‘zidan sms-kod, kartaning maxfiy kodini olgan va mablag‘larni o‘g‘rilagani aytilmoqda.

«Mijozlarning plastik kartalaridan pul yo‘qotish holatlari kelib chiqqanda, bank xavfsizligi xodimlari pul tushgan joylarni aniqlashda va firibgarlarni topishda yordam berishga tayyor. Shu bilan birga, korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq barcha jinoiy ishlar tergov qilish uchun o‘z vaqtida ichki ishlar organlariga topshiriladi», — deyiladi Kiberxavfsizlik markazi xabarda.