Prezident Shavkat Mirziyoyev «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun Samarqandga jo‘nab ketdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tashrif doirasida, shuningdek, viloyatdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishiladi.

Eslatib o‘tamiz, eshkak eshish kanali hududida joylashgan, 353 mln dollarga baholangan Silk Road sayyohlik markazi Samarqandda 15−16 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti munosabati bilan qurildi. Markaz hududida kongress-xoll, sakkizta mehmonxona, «Abadiy shahar» majmuasi, dam olish maskani va boshqa obyektlar joylashgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarkand Touristic Centre kompaniyasi 2019 yil 20 noyabrda Samarqand tumanida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ustav kapitali 10 mlrd so‘mni tashkil qiladi, asosiy faoliyat turi mehmonxonalar va shu kabi yashash joylari hisoblanadi.

Neft konlariga xizmat ko‘rsatuvchi Eriell Group kompaniyasi boshqaruvi raisi (u ham asosiy aksiyador ekanligi xabar qilingan edi) va Enter Engineering (O‘zbekistondagi eng yirik EPC-pudratchilardan biri) Baxtiyor Fozilov ushbu kompaniyaning 60 foiz ulushiga egalik qiladi, qolgan 40 foizi NBU Samarkand Invest’ga tegishli.

Silk Road Touristic Centre, Marakanda Group Hotel, Savitsky Plaza savdo belgilarining egasi ham Samarkand Touristic Centre deb ko‘rsatilgan.