24 avgust kuni amaliy tashrif bilan Samarqand viloyatida bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, Imom Buxoriy ziyoratgohi buyuk muhaddisning musulmon olamidagi yuksak hurmatiga munosib tarzda qayta qurilmoqda. Maqbara, ulkan masjid, minoralar, ayvonlar barpo etilmoqda.

Prezident u yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. «Bu loyihani ko‘p muhokama qildik, qayta-qayta kelib ko‘rdik. Endi qurilishda ham shoshmaslik kerak. Ham ziyorat, ham ibodat nuqtai nazaridan bu yerda hamma sharoit bo‘lishi zarur», — dedi u.


Shavkat Mirziyoyev majmua yonida Imom Buxoriy hayotini ko‘rsatuvchi elektron muzey tashkil etish taklifini bildirdi. «Yaqinda Madina shahrida bo‘lganimizda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyini ko‘rdik. Bu yerda ham shunga o‘xshash muzey tashkil etsak, yaxshi bo‘lar edi. Unda Imom Buxoriy bobomizning hayoti, ilm yo‘li, o‘sha davr tarixi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatiladi», — dedi prezident.


Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Qurilish vazirligiga bu borada loyiha tayyorlash topshirildi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Hazrati Hizr majmuasiga borib, birinchi prezident Islom Karimov maqbarasini ham ziyorat qildi, deyiladi xabarda.


Eslatib o‘tamiz, 2021 yil aprelda Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Imom Buxoriy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan edi. U yerda katta masjid, to‘rtta simmetrik minora, yo‘ldan kirib kelishda xiyobon bo‘lishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ziyoratchilar uchun 7 ta mehmonxona, 3 ta avtoturargoh, avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etilishi rejalashtirilgan.

Foto