O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 avgust kuni «Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
2021 yil aprel oyida YUNESKO Bosh konferensiyasi qarori bilan Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash YUNESKOning 2022−2023 yillarda nishonlanadigan xalqaro yubileylar ro‘yxatiga kiritilgani xabar qilingan edi.
Qaror bilan bir qator tadbirlarni amalga oshirish belgilandi, jumladan:
- respublikadagi Abu Rayhon Beruniy nomi bilan bog‘liq obida va qadamjolarni, shu jumladan, Abu Rayhon Beruniy sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik majmualarini mukammal ta’mirlash va ularning hududlarini obodonlashtirish, «Buyuk Beruniy merosi» xalqaro sayyohlik marshrutlarini yo‘lga qo‘yish;
- olimlar va mutaxassislarning taklif-mulohazalari asosida ishlab chiqiladigan konsepsiya asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida 2023 yil yakuniga qadar Abu Rayhon Beruniy majmuasini qurish va uning hududida ilmiy-ma’rifiy, madaniy va dam olish hamda turizm obyektlari faoliyatini tashkil qilish;
- alloma ilmiy-ijodiy merosiga mansub qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish, ularni ishonchli saqlash uchun zarur sharoit yaratish;
- Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi va Xorazm Ma’mun akademiyasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularda madaniy meros obyektlari, shu jumladan, arxeologiya merosi obyektlari, muzey ashyolarini restavratsiya va konservatsiya qilishga ixtisoslashgan laboratoriya tashkil qilish hamda ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash;
- Abu Rayhon Beruniy merosini o‘rganish maqsadida xalqaro miqyosda keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini e’lon qilish, shu mavzuda ilmiy, badiiy-publitsistik asarlar yaratish, xorijiy olimlarning asarlarini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish;
- yuqori sifatli media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida efirga berib borish, Internet va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, dunyo miqyosida xeshteg va chellenj kabi targ‘ibotning zamonaviy texnologiyalarini qo‘llash;
- Abu Rayhon Beruniy siymosi tasvirlangan, allomaning ilmiy-ijodiy merosiga bag‘ishlangan pochta markalari va konvertlar turkumini yaratish, taqvimlar va ko‘rgazmali axborot vositalari, esdalik tangalari, kumush va oltin yubiley tangalarini muomalaga chiqarish;
- umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, akademik litseylar va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Xorazm viloyatida tegishli fan bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasini tashkil etish;
- O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari, O‘zbek milliy madaniy markazlari, vatandoshlar jamiyatlarida Abu Rayhon Beruniy ilmiy-ma’rifiy merosi, uning insonparvarlik g‘oyalarini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida ilmiy anjumanlar va davra suhbatlari tashkil etish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyati, uning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, Toshkentda Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkaziladi.
Abu Rayhon Beruniyning barcha asarlarini to‘plash asosida bosqichma-bosqich allomaning to‘liq asarlari turkumini Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, arab va fors tillarida nashr etish rejalashtirmoqda.