24 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo‘shib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yo‘qotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga o‘tmasa), I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo‘shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.

Qonun loyihasi bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya tayinlangandan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, ish staji va ish haqini hisobga olgan holda hamda kelgusida har 2 yilda nogironlik pensiya miqdorlarini qayta hisoblash amaliyoti joriy etiladi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zgartirish prezidentning apreldagi farmoni bilan ko‘zda tutilgan edi, ammo unda pensiya tayinlanganidan keyin kamida bir yillik staj to‘g‘risidagi talab yo‘q edi. Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyevning ta’kidlashicha, bu shunchaki aniqlashtiruvchi me’yor, chunki bugungi kunda pensiya tayinlashda talab etiladiganidan ortiqcha ish stajining har bir to‘liq yili uchun pensiyalarning tayanch miqdorlari I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik pensiyalari — pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida oshiriladi.

Moliya vazirligi rahbari o‘rinbosarining aytishicha, bugungi kunga qadar O‘zbekistonda 782 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 292 ming nafari mehnatga layoqatli. Shu bilan birga, ularning mehnatga layoqatlilaridan atigi 15 foizi yoki 43,8 ming nafari ish bilan ta’minlangan.

«Qonun qabul qilingan taqdirda, 2023 yildan boshlab 75 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyasiga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shiladi. Hamda kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlarning pensiyalari har ikki yilda bir marta qayta hisoblab boriladi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda nogironlik nafaqasi miqdori 698 ming so‘mdan 2,7 mln so‘mgacha o‘zgarib, o‘rtacha 1,1 mln so‘mni tashkil etadi.

2023 yilda qonunni amalga oshirish uchun davlat budjetidan yiliga qo‘shimcha 275 mlrd so‘m mablag‘ talab qilinadi, dedi moliya vaziri o‘rinbosari.

Deputatlar mazkur hujjatning qabul qilinishi pensiyalarni hisoblashda turli yondashuvlar qo‘llanilishining oldini olishga, korrupsiya omillarini keltirib chiqaradigan holatlarni bartaraf etishga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadlarini oshirishga xizmat qilishiga kelishib oldilar.