Suriya prezidenti Bashar Asadning Samarqanddagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga tashrifi ko‘tarilmadi va muhokama qilinmadi. Bu haqda 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekistonning SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov jurnalistlarga ma’lum qildi.

15−16 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan tashkilot sammitiga Bashar Asadning ehtimoliy tashrifi masalasi Eron Tasnim agentligi xabari ortidan ko‘tarildi. Agentlik o‘z manbalariga tayanib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bashar Asadni SHHT davlatlari rahbarlarining Samarqand uchrashuvida ishtirok etishga taklif qilgani haqida xabar berdi.

Anadolu agentligi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an avgust boshida sentabrda O‘zbekistonda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvida Vladimir Putin taklifiga binoan ishtirok etmoqchiligi haqida yozgan edi.

Tasnim ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyaning «Vatan» partiyasi yetakchisi Dog‘u Perinchek Bashar Asad bilan muzokaralar o‘tkazish uchun delegatsiya tarkibida Suriyaga borishi kerak. Uchrashuv vaqtida munosabatlarni qayta tiklash, Suriya shimolida terrorizmga qarshi birgalikda kurashish va qochqinlarni qaytarish masalalarini muxokama qilish rejalashtirilgan.

«Agarda mazkur uchrashuv „ijobiy bo‘lsa“, Turkiya va Suriya prezidentlari SHHT sammiti doirasida uchrashishi mumkin», — deya taxmin qildi agentlik.