Chirchiq shahridagi oqova suv tozalash inshooti $22,2 mlnga rekonstruksiya qilinadi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Chirchiq shahrida oqova suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati $22,2 mlnga teng shartnoma imzolandi. Loyiha natijasida shahar aholisining markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi 84 foizga yetkaziladi.

Talabalar uchun to‘lov-shartnomani onlayn yuklab olish imkoniyati yaratildi

5 sentabrdan barcha bosqich talabalari kontrakt.edu.uz platformasidan foydalangan holda to‘lov-shartnomalarni onlayn yuklab olishlari mumkin bo‘ladi.

DTM: Apellatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi

Davlat test markazi OTMlarga kirish imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlardan apellatsiya arizalarini qabul qilishni boshladi. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish esa 7 sentabrdan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston ilk bor bolalar uchun kovidga qarshi Pfizer vaksinasini qabul qilib oldi

O‘zbekistonga COVAX mexanizmi doirasida ilk bor kovidga qarshi 201 600 doza Pfizer bolalar vaksinasi keltirildi, bu Yevropa Ittifoqi va Shvetsiya hukumatining xayriyasi hisoblanadi. Hozirga qadar ushbu dastur orqali mamlakatga olib kelingan vaksinalar soni 21,2 mln dozaga yetdi.

Xorijiy OTMlarda o‘qiyotgan ayrim talabalarning kontraktini davlat hisobidan to‘lab berish taklif etildi

Oliy ta’lim vazirligi pedagoglarni tayyorlovchi xorijiy OTMlarda o‘qiyotgan ayrim talabalarning to‘lov-kontrakt pulini davlat tomonidan to‘lab berishni taklif qildi. Buning uchun ikki bosqichli tanlov o‘tkaziladi. Undan muvaffaqiyatli o‘tgan talaba o‘qishni tamomlagach, kamida 3 yil ishlab berishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston 7 oyda $550 mlnlik meva va sabzavotlar eksport qildi

O‘zbekiston 7 oyda 550 mln dollarlik meva va sabzavotlar eksport qildi, eng ko‘p mahsulot Qozog‘iston va Rossiyaga yetkazib berilgan. Qolaversa, yil boshidan beri Farg‘ona (165,8 ming tonna), Samarqand (106,1 ming tonna) va Toshkent viloyati (101,9 ming tonna) eksport borasida yetakchilikni saqlab qolmoqda.

Bayram kunlari ob-havo biroz issiqroq bo‘ladi — O‘zgidromet

Bayram kunlari O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo biroz issiqroq bo‘ladi, harorat +37 darajagacha ko‘tariladi. Kechalari va tonggi vaqtlarda havo salqinlashadi. Hafta davomida yog‘ingarchiliklar kutilmayapti.

Ekologlar qayta ochilgan Milliy bog‘dagi daraxtlarga zarar yetganini tasdiqladi

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi besh yillik rekonstruksiyadan so‘ng, qayta ochilgan Milliy bog‘dagi daraxtlarga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Keyinroq esa xabar o‘chirib tashlandi.

O‘zbekiston 7 oyda $422 mlnlik bug‘doy import qildi

Yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston eng ko‘p bug‘doy ($422,4 mln), shakarqamish ($251,7 mln), margarin ($173,3 mln) va qoramol go‘shti ($116,4 mln), bug‘doy uni ($72,7 mln) import qildi.

Sirdaryoda bolaning oyog‘i ariq panjarasiga tiqilib qoldi. FVV bolalarni qarovsiz qoldirmaslikka chaqirdi

Gulistonda oyog‘i ariqqa tiqilib qolgan bolaga qutqaruvchilar yordam ko‘rsatdi, u jarohat olmadi. FVV ota-onalarni o‘z farzandlarini qarovsiz qoldirmaslikka chaqirdi.

«Morgdan uyiga olib ketayotgan bo‘lgan». IIV Toshkentda erkak ayolining murdasini ikki kun mashinada olib yurgani haqida

Tarmoqlarda er o‘z ayolini o‘ldirib, 2 kun davomida mashinada olib yurgani aytilgan video tarqaldi. IIV tasvirlar aslida, fuqaro ayolining murdasini uyiga dafn uchun olib ketayotganida suratga olinganini ma’lum qildi. Marhuma «chap tuxumdon kistasi yorilishi, ichki qon yo‘qotish»dan vafot etgani aytilmoqda.

Farg‘onada onasini kaltaklagani uchun otasini o‘ldirgan yigit 10 yilga qamaldi

Dang‘ara tumanida nogiron onasini urgani uchun otasini o‘ldirib qo‘ygan 25 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, otasi spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan va onasini muntazam kaltaklab kelgan. Yigit ushbu jinoyati uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga Aziz Voitov nomzodi ma’qullandi

Deputatlar 16 iyuldan beri bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga Aziz Voitovning nomzodini ma’qulladi. U bunga qadar investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

DXX tomonidan uchta holatda $45 ming pora olayotgan advokatlar ushlandi

Toshkentda advokat soliq tekshiruvidagi huquqbuzarlik uchun moliyaviy jarima qo‘llamaslik evaziga tadbirkordan 23 ming dollar olganlikda gumonlanmoqda. Yana ikki holatda advokatlar mahbuslar jazosini yengilrog‘iga almashtirishni hal qilib berish uchun 22 ming dollar olganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan.

Farg‘onada IIB xodimlari mastligini tekshirish uchun olib ketayotgan fuqaro yo‘lda vafot etdi

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida IIB xodimlari mastligini tekshirish uchun olib ketayotgan fuqaro vafot etdi. Sudga oid tibbiy ekspertiza uning o‘limiga bir qancha surunkali kasalliklar sabab bo‘lganini qayd etdi. Holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotomateriallar:

Foto: Prezident Urganchda Jaloliddin Manguberdining yangi haykalini ochib berdi

Urganchda Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi ochildi. 25 mertrlik haykalda sarkarda «tulpor jilovini mahkam tutib, yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan». Uning oldida Qur’oni karim oyatlari, sarkardaning shajarasi yozilgan, og‘irligi 32 kg, balandligi 30 sm bo‘lgan bitiktosh nusxasi o‘rnatilgan.

«OTM va talaba o‘rtasida do‘stona munosabat bo‘lishi kerak» — Bern universiteti doktoranti Zarif Ibragimov bilan suhbat

«Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasining navbatdagi mehmoni — xalqaro matematika olimpiadasi sovrindori, Shveysariyaning Bern universiteti doktoranti Zarif Ibragimov. U «Gazeta.uz» ga O‘zbekiston va xorijdagi ta’limning farqlari, chet eldagi hayot tarzi va duch kelgan qiyinchiliklari haqida so‘zlab berdi.