Mustaqillikning 31 yilligi arafasida O‘zbekiston prezidentning farmonlari bilan qator diplomatik missiyalar rahbarlariga oliy diplomatik martabalar berildi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Jumladan, favqulodda va muxtor elchi martabasi O‘zbekistonning:

  • Xitoy Xalq Respublikasidagi elchisi Farxod Arziyev;
  • Turkmanistondagi elchisi Akmaljon Kuchkarovga.

Shuningdek, 2-darajali favqulodda va muxtor vakil martabasi O‘zbekistonning:

  • Avstriya Respublikasidagi elchisi Abat Fayzullayev;
  • YUNESKOdagi doimiy vakili Umid Shodiyev;
  • Jenevadagi BMT bo‘linmasining doimiy vakili Ulug‘bek Lapasovga berildi.

Ma’lumot uchun, «O‘zbekiston Respublikasining diplomatiya xodimlari uchun diplomatiya daraja va martabalari belgilash to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, favqulodda va muxtor elchi unvoni elchilar uchun beriladigan eng yuqori diplomatik martaba hisoblanadi.

Favqulodda va muxtor elchi, favqulodda va muxtor vakil kabi martabalar bir umrga, prezident farmoni asosida beriladi.