Prezident qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida qatnashdi (foto)

31 avgust tongida Shavkat Mirziyoyev Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi. Qolaversa, davlat rahbari «Yangi O‘zbekiston» bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Kechga yaqin mustaqillikning 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tadi.

Davlat xizmatlari markazlarida «prava»ni almashtirish vaqtinchalik to‘xtatiladi

IIV yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tizimida «Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi»ni joriy etdi. Tizimdagi profilaktik ishlar sabab YIDXP va Davlat xizmatlari markazlarida eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish vaqtincha cheklanadi.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Turkiston viloyatiga hokimlik qiladi

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishlagan Darxon Satibaldi Turkiston viloyati hokimi etib tayinlandi. U mazkur lavozimda qo‘l ostidagi xodimning korrupsiyasi uchun iste’foga chiqqan Umirzoq Shukeyevning o‘rnini egalladi.

DXX Zangiota tuman hokimligi xodimini hibsga oldi

Zangiota tuman hokimligi xodimi ikki fuqaroni Qirg‘izistonda o‘qiyotgani haqidagi soxta hujjat tayyorlab, keyin o‘qishini poytaxtdagi OTMga ko‘chirib berishiga ishontirgani aytilmoqda. DXX o‘tkazgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi 18 ming dollarni olganida ushlandi. Shunga o‘xshash yana ikki holat aniqlandi.

2022 yilda ishbilarmon xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shimcha 1 trln so‘m ajratiladi

2022 yilda xotin-qizlarning tadbirkorligini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 1 trillion so‘m ajratiladi, deya ma’lum qildi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi. Shuningdek, soha rivoji uchun xalqaro moliya institutlaridan $300 mln jalb etilishi rejalashtirilmoqda.

CPJ vakilining O‘zbekistonga kirishiga rad javobi berildi, biroq keyinroq ruxsat etildi

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) dasturi koordinatori Gulnoza Saidning O‘zbekistonga kirishiga rad javobi berilib, ortga — Nyu-Yorkka qaytarib yubormoqchi bo‘lishdi. Biroq Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi aralashuvi bilan uning mamlakatga kirishiga ruxsat etildi.

«Saxovat» va «Muruvvat» uylari hamda respublika pansionati Davlat bojxona qo‘mitasiga biriktiriladi

Prezident qarori bilan «Saxovat» va «Muruvvat» uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati DBQga biriktiriladi. Yuklatilgan vazifalar qo‘mitaning maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

sentabr oyining birinchi besh kunligi issiq bo‘lishi kutilmoqda — O‘zgidromet

O‘zgidrometning ma’lumot berishicha, 2−4 sentabr kunlari havo harorati shimoliy va markaziy viloyatlarda +39 darajagacha, janubiy viloyatlarida esa +40 darajagacha issiq bo‘ladi.

«Kinematografiya fidokori» ko‘krak nishoni ta’sis etildi

Hukumat qarori bilan «Kinematografiya fidokori» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. U bilan milliy kinematografiya sohasini rivojlantirish, badiiy va g‘oyaviy jihatdan yetuk filmlar yaratish, milliy filmlarni keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan shaxslar taqdirlanadi.

Toshkentda avtomobil urib yuborishi natijasida piyoda halok bo‘ldi

30 avgustda piyoda yuqori tezlikda harakatlanib kelayotgan Nexia-3 avtomobili urib yuborishi oqibatida voqea joyida vafot etdi. YTHni sodir etgan shaxs Toshkent shahar ma’muriy sudi sudyasining katta yordamchisi ekani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.