5 sentabr kuni O‘zbekistonning barcha maktablari va ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi.

«Gazeta.uz» fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin 5 sentabr kuni Toshkent ko‘chalarini kamera obyektiviga muhrladi.

Maktab darsliklari bepul ijaraga beriladi

Prezident maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi.

Prezidentning shu haftadagi ish rejasi ma’lum qilindi

Shavkat Mirziyoyev bu hafta Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungongni qabul qiladi. Qolaversa, sentabr o‘rtasida Samarqandda o‘tkaziladigan SHHT sammitiga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilinadi.

Metropoliten yo‘lovchilarni transport kartasidan foydalanish va o‘zaro hurmatni saqlashga chaqirdi

Poytaxt metropoliteni kuz boshlanishi bilan yo‘lovchilar oqimining oshishi kutilayotganidan ogohlantirdi. Yo‘lovchilardan transport kartalaridan foydalanish va vagonlar eshigi oldida to‘planib turmaslik, tushib ketayotganlarni kechiktirmaslik so‘raldi.

O‘zbekistonda xorijga chiqish pasporti olish tizimi osonlashtirildi

O‘zbekistonda xorijga chiqish biometrik pasportini endi barcha DXMlar orqali rasmiylashtirish mumkin. Xizmat eksterritorial tamoyil asosida, ya’ni fuqaroning ro‘yxatda turgan manzilidan qat’iy nazar ko‘rsatiladi. Qolaversa, pasportni olish uchun talab etiladigan ma’lumotnomalar ham qisqartirildi.

O‘zbekiston Afg‘onistondagi masjidda sodir etilgan terrorchilik harakatini qat’iy qoraladi

O‘zbekiston TIV Afg‘onistonning Hirot shahridagi masjidda sodir bo‘lgan terrorchilik harakatini qat’iy qoraladi. «Bu kabi qabih harakatlar Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik hamda milliy totuvlikning o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladi», — deyiladi bayonotda.

Hafta boshida havo iliq bo‘ladi, payshanbadan salqinlashadi

Haftaning birinchi yarmida biroz issiq ob-havo saqlanib qoladi, harorat +34…+39 daraja atrofida bo‘ladi. Payshanba kunidan esa havo salqinlasha boshlaydi, harorat +30…+35 darajagacha pasayadi. Hafta davomida faqat Qoraqalpog‘istonda qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi kutilmoqda.

Surxondaryo daryosi o‘zanidan qum-shag‘al qazib olgan fuqaro jarimaga tortildi

Ekologlar dron yordamida o‘tkazgan reydda fuqaro Jarqo‘rg‘on tumanidagi Surxondaryo daryosi o‘zanidan noqonuniy tarzda qum-shag‘al qazib olayotganini aniqladi. Unga 9 mln so‘m jarima tortildi, texnikalari esa hududdan chiqarib yuborildi.

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirildi

1 noyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati yana 10 taga ortadi. Ularning orasida — rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish, uy-ro‘zg‘or buyumlarini ijaraga berish, avtomobil bozolarida vositachilik qilish, kulolchilik va boshqalar mavjud.

Zarafshon daryosida 829 dona baliq nobud bo‘lgani aniqlandi

Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi Zarafshon daryosining Karmana tumanidan oqib o‘tuvchi qismida 829 dona baliq nobud bo‘lganini aniqladi. Bu «Navoiyazot» va «Navoiy IES» korxonalarining daryoga tashlaydigan oqova suvlaridan sababli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Ekologlar laborator tekshiruvlar o‘tkazmoqda.

Farg‘onada haydovchini haqorat qilgan YPX inspektori ishdan bo‘shatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buvayda tumanida YPX inspektori haydovchini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat IIB mazkur voqeadan so‘ng, xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani va u ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi.

139 ta holatda 6,1 mlrd so‘mlik yo‘l ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlandi

«O‘zyo‘linspeksiya» yil boshidan beri 139 ta holatda yo‘llardagi 6,1 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilganini aniqladi. Inspeksiya talabnomasi bilan 4,2 mlrd so‘mlik sifatsiz ishlar pudratchilar tomonidan qaytadan qilindi. Qoidabuzar mansabdorlarga nisbatan esa 134 ta bayonnoma tuzildi.

«Ko‘p hokimlar buni tushunib yetmayapti». Prezident ichki bozordagi talabni ta’minlash haqida

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish bo‘yicha hokimlar faoliyatini tanqid qildi. «Viloyat hokimlari hududiga qancha oziq-ovqat yetishmasligi, qancha import kirayotganini bilmaydi-mi?» — dedi u. O‘zgarish qilmagan hokimlar ishdan olinishi ta’kidlandi.

«Turistlar oldida sharmanda bo‘lamiz». Toshkentdagi mehmonxonalarda tong sahardan hujjatlar tekshirildi

Toshkent shahar IIBB xodimlari poytaxtdagi mehmonxonalarda tongi soat 5:00 dan boshlab dam olayotganlarni uyg‘otib, hujjatlarini tekshirmoqda. IIV bu holatni «dunyoda odatiy va to‘g‘ri qabul qilinadi», deya izohladi. Turizm vazirligi esa IIVdan tekshiruv nega o‘tkazilganini tushuntirishni so‘rab,xat kiritdi.

O‘zbekistonda 5 ballik magnit bo‘roni bo‘lishi kutilmoqda

O‘zbekistonda dushanbadan 5 ballik magnit bo‘ronlari kuzatiladi, seshanba kuniga kelib bo‘ron ta’siri kamaya boshlaydi. Mutaxassislarning fikricha, bu vaqtda arterial gipertoniya va bronxial astmasi borlar aziyat chekadi, ko‘pchilikda orqa bosh miyada og‘riq turadi, shu bois kamroq harakat qilish tavsiya etiladi.