Maktab darsliklariga oid davlat rahbarining tegishli topshirig‘idan so‘ng prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov mazkur masala bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda administratsiya rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, darsliklar nafaqat tekin bo‘ladi, balki sifat jihatdan ham to‘liq tanqidiy ko‘rib chiqiladi.

Barcha maktab darsliklarini kompleks tekshiruvdan o‘tkazish, ulardagi mavjud xato va kamchiliklarni aniqlash, sifatini yaxshilash bo‘yicha Prezident Administratsiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi va yana bir qator tashkilotlarning mas’ul vakillaridan iborat katta ishchi guruh tuzildi.

Hisob palatasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Xalq ta’limi vazirligiga 1 oy muddatda darsliklarni tayyorlash, nashr etish, tannarx va tarqatish tizimini tanqidiy ko‘rib chiqish, davlat buyurtmasi bajarilishining shaffof va samarali tizimini joriy etish vazifasi belgilandi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev maktab darsliklarining ijara to‘lovlari narxi keskin oshirilishi ortidan keng jamoatchilik, jumladan, ota-onalar tomonidan bildirilgan e’tirozlar fonida darsliklarni bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq bergani haqida xabar qilgan edik.