Maktab darsliklari ijarasi doimiy ravishda bepul bo‘ladi — XTV (yangilandi)

Maktab darsliklari ijarasi endi nafaqat joriy o‘quv yili uchun, balki doimiy ravishda bepul bo‘ladi, deya aniqlik kiritdi XTV. Kelgusida darsliklarni nashr etish va ularni moliyalashtirish tartibi hukumat darajasida ko‘rib chiqiladi va parlament tomonidan tasdiqlangan davlat budjeti asosida belgilanadi.

Ota-onalar uchun Kundalik tizimiga obuna bo‘lish ixtiyoriy

XTV ota-onalar uchun Kundalik.com platformasiga obuna bo‘lish ixtiyoriy ekanligini ma’lum qildi. Yillik obuna narxi 8000 so‘mni tashkil etadi, bu 2020 yilga nisbatan 1200 so‘mga arzon. Qolaversa, tizim yordamida o‘qituvchilarning har chorakda 20 soat vaqti tejalishi aytilmoqda.

«Charchagan bo‘lsang, seni ham ishdan olaman» — prezident Surxondaryo viloyati hokimiga

1 sentabrgacha 290 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari tugallanmagan, xususan Surxondaryoda 29 ta shunday maktab bor. Prezident viloyat hokimini ishdan bo‘shatish bilan tahdid qildi. Angor tumani prokurori bilan bo‘lgan suhbatini ham esladi. «Charchagan bo‘lsang, seni ham ishdan olaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Parlament komissiyasi Dauletmurat Tajimuratov bilan uchrashdi

Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar bo‘yicha asosiy ayblanuvchilardan biri Dauletmurat Tajimuratov Urganchdagi tergov hibsxonasida ombudsman va parlament komissiyasi a’zolari bilan uchrashuvda tergov harakatlari paytida qiynoqqa solinmagani va bosim o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.

Maktab oshxonalarida «fastfud» tayyorlash va sotish taqiqlangan — SSV

SSV maktab oshxonalarida «fastfud» tayyorlash va sotish taqiqlanganini eslatib o‘tdi. Bu turdagi mahsulotlar umumta’lim muassasalarida ruxsat etilmaydigan oziq-ovqatlar ro‘yxatiga kiritilgani qayd etildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham ularni kundalik taomnomadan chiqarishni tavsiya qiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi, Shuhrat G‘aniyev va Aktam Xaitov tanqid qilindi

Prezident qishloq xo‘jaligidagi kamchiliklarni tanqid qilib, bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev va Fermer xo‘jaliklari kengashi rahbari Aktam Xaitovni ogohlantirdi. Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev faoliyatidagi kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etildi.

Samarqandda o‘qituvchi darsliklarni uloqtirib tarqatgani ortidan u va maktab direktori ishdan olindi

Nurobod tumanidagi 1-sonli maktabda darsliklar o‘quvchi va ularning ota-onalariga uloqtirib tarqatilgani aks etgan video tarqaldi. Tuman hokimligi o‘rganish natijalariga ko‘ra, o‘qituvchi hamda maktab direktori ishdan olinganini ma’lum qildi.

Yoz mavsumida 142 nafar fuqaro suvga cho‘kish oqibatida halok bo‘ldi

Yoz mavsumi davomida 142 nafar fuqaro, shundan 51 nafari cho‘milish, 85 nafari esa ehtiyotsizlik oqibatida suvda cho‘kib ketdi, deya ma’lum qildi FVV. Cho‘kkanlarning 45,3 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etdi.

Paxta terimi uchun yangi to‘lov tariflari e’lon qilindi

2022 yilda qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun birinchi terimda 1500 so‘mdan, ikkinchi terimda 1800 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi. Mahsulot xomashyosining 1 tonna o‘rta navli narxi QQS bilan birga 10 mln so‘mni tashkil etadi.

O‘zbekistondagi 225 ta maktab nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ochiladi

O‘zbekistonning barcha viloyatlarida imkoniyati cheklangan bolalar uchun 225 ta maktab o‘z eshiklarini ochadi. UNICEF buni «hal qiluvchi va muhim tashabbus» deya atadi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, inklyuziv ta’limning joriy etilishi umumiy ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda, deb qayd etdi jamg‘arma.

O‘zbekistonda ekologiyani muhofaza qilishga 6 oyda budjetdan 1,9 trln so‘m ajratildi

6 oy davomida O‘zbekistonda ekologiyani muhofaza qilish uchun davlat budjetidan 1,9 trln so‘m yo‘naltirildi. Shunga qaramasdan deputatlar mablag‘lar o‘zlashtirilmay qolayotgani, mas’ul vazirlik va idoralar ularni samarali sarflamayotgani va ishlar bajarilmayotganini tanqid qildi.

Meva-sabzavotchilikni kreditlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi

Prezident ko‘rsatmasiga binoan sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar bo‘yicha urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklar himoyasi hamda aylanma mablag‘ uchun garovsiz kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, fermerlarga hosilni sug‘urtalash xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi.

Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar pasportlari olib qo‘yilib, majburiy ushlab turilgani aniqlandi

Qozog‘istonda bir guruh o‘zbekistonliklar pasportlari olib qo‘yilib, majburiy ushlab turilgani haqida murojaat bilan chiqdi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari fuqarolarning pasportlarini qaytarish va oylik maoshlari undirishga erishdi. Ularni vatanga olib kelish choralari ko‘rilmoqda.

Namanganda suvda cho‘kib ketgan 12 yoshli qiz 16 avgustdan beri qidirilmoqda

16 avgust kuni Norin tumanidan oqib o‘tuvchi Qoradaryoda 12 yoshli qiz cho‘milishga borib, cho‘kib ketgan. Uni IIB, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv-qidiruv guruhi qidirmoqda.

Buxorolik tadbirkorga hisoblangan soliq qarzdorligi biznes-ombudsman yordamida bekor qilindi

Buxoro shahrida tadbirkor o‘z faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha shahar soliq inspeksiyasiga ariza taqdim etgan. Mazkur arizaga munosabat bildirilmasligi oqibatida qo‘shimcha soliq qarzdorligi paydo bo‘lgan. Tadbirkorning murojaatiga ko‘ra biznes-ombudsman hisoblangan 2 mln so‘mga yaqin qarzdorlikni bekor qildi.

«Vaqf» fondi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga 851,4 mln so‘m xayriya qildi

«Vaqf» xayriya fondi «Vaqf suvlari» loyihasi doirasida turli hududlardagi, olis qishloq va ovullarda toza ichimlik suviga muhtoj bo‘lgan aholi uchun artezian quduqlarini qazib, minorali suv inshootlarini barpo etdi. Ushbu maqsadlar uchun 851,4 mln so‘m xayriya sifatida sarflandi.

Orolbo‘yidagi nafaqaxo‘rlar poyezd va samolyotga chiptalarni yana chegirma bilan sotib olishi mumkin

Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yashovchi pensiya va nafaqa oluvchilar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar 15 sentabrdan temir yo‘l va avia chiptalarni 50 foizlik imtiyoz bilan sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Amalga oshirilgan ishlarni boshqalar 10 yilda ham eplashi dargumon». Davlat OAVlari Milliy bog‘ ochilishini qanday yoritdi?

«Amalga oshirilgan ishlarni boshqalar 10 yilda ham eplashi dargumon», «avvalgisi bilan bugungisini taqqoslab bo‘lmaydi», «bog‘ dunyodagi o‘zining muqobillari bilan dadil tenglasha oladi», «bu bayramga haqiqiy sovg‘a bo‘ldi» — Davlat OAVlarida 5 yil davomida ta’mirlangan Milliy bog‘ ochilishi qanday yoritildi?

«Sevgimiz bizni birlashtirgan va kuch bag‘ishlagan». Tatyana Karimova turmush o‘rtog‘i Islom Karimov haqida

Islom Karimovning xotirasiga bag‘ishlangan kechada uning rafiqasi Tatyana Karimova umri davomida hamisha birga bo‘lishganini esga oldi. «Sevgimiz bizni birlashtirgan va kuch bag‘ishlagan», — dedi u. Birinchi prezidentning xos soqchilari boshlig‘i Jahongir Abirov esa 1990 yil qiyin kechganini so‘zlab berdi.