Prezident tomonidan 7 sentabr kuni [PF-215-son] «O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga muvofiq «To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasining boshqaruv kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati ustav kapitali 100 million AQSh dollariga teng «O‘zbekiston Respublikasining To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi» MCHJ shaklidagi investitsiya kompaniyasi sifatida qayta tashkil qilindi.

Investitsiya kompaniyasining ustav kapitali 1 milliard AQSh dollariga yetkaziladi. Belgilanishicha, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri investitsiya kompaniyasining Kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi.

Farmon bilan kompaniyaning investitsiyalarni jalb qilish usullari belgilab berildi. Jumladan:

  • kredit (qarz) olish va Investitsiya kompaniyasining ustav kapitaliga investorlarning pul mablag‘larini jalb qilish;
  • yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitalida), shu jumladan mol-mulk sotib olish yo‘li bilan ishtirok etish orqali.

Shuningdek, kompaniya yirik institutsional va strategik investorlar bilan hamkorlik o‘rnatish, shu jumladan nufuzli xalqaro moliya markazlarining yurisdiksiyalaridan foydalanish vazifasini bajaradi.

Ma’lumot uchun, To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil maydagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan edi.

Jamg‘armaning asosiy vazifalariga ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish, raqobatbardoshligini yanada oshirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli o‘zaro foydali sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish orqali investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish va rivojlantirish, shuningdek, investitsiya takliflarini baholash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish kabilar kirgan.