Namanganning Chust tumanida voyaga yetmagan bola Jiguli va Matiz avtomobillarini olib qochdi, deya xabar qilmoqda Tergov departamenti.

Qayd etilishicha, 2022 yil 8 sentabr kuni soat 01:00 larda Chust tumani Ma’rifat ko‘chasida yashovchi 33 yoshli B.D. Chust tumani IIB navbatchilik qisimga qo‘ng‘iroq qilib, shu kuni soat 00:30da unga tegishli bo‘lgan Matiz avtomashinasi noma’lum shaxs tomonidan, yashash uyi oldidan olib qochib ketilganini ma’lum qilgan. Ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va avtomashinasini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Holat yuzasidan Chust tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyatni Chust tumani Dasht ko‘chasida yashovchi 16 yoshli A.A. sodir qilgani aniqlanib, jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan Matiz avtomashinasini Namangan shahar Navoiy ko‘chasi hududiga tashlab, noma’lum tomonga qochib ketgani aniqlangan.


Voyaga yetmagan A.A. Chust tumani markazida VAZ-2106 rusumli avtomashinani boshqarib yurgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlangan. Ushbu avtomashina kimga tegishli ekanligi to‘g‘risida oydinlik kiritilganda A.A. ushbu kuni Matiz avtomashinasini tashlab, soat 08:00 larda Chust tumani Pansada MFYga borib, shu mahallada yashovchi 22 yoshli K.A.ga tegishli bo‘lgan VAZ-2106 rusumli avtomashina yashash uyi oldida eshigi ochiqligi va kaliti o‘zida ekanidan foydalanib olib qochgani aniqlangan.

Shu kunni o‘zida voyaga yetmagan A.A Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi «a» bandida (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan transport vositasini olib qochish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.