Prezident — jahondagi «global ishonch inqirozi» haqida

Shavkat Mirziyoyev SHHTning Samarqanddagi sammiti arafasida e’lon qilingan maqolasida xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotganini ta’kidladi. U «global darajada ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotganini» — asosiy sabablardan biri sifatida qayd etdi.

«Afg‘oniston SHHT makonining ajralmas qismi» — Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonni «SHHT makonining ajralmas qismi» deb atadi. «Unga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zish, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashish va shu orqali ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratish — bizning ma’naviy burchimizdir», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev: SHHT — «ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makon»

O‘zbekiston prezidenti SHHTni «madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilma», deb atadi. Shu sababli tashkilotga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni ortib bormoqda, dedi u.

SHHT sammitida 30 dan ortiq hujjat imzolanishi kutilmoqda — Sherzod Asadov

Shu hafta Samarqandda o‘tadigan SHHT sammitida 30 dan ortiq hujjat imzolanishi kutilmoqda, dedi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov. Ular qatoridan Eronni tashkilotga kiritish uchun majburiyatlari, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkorlari a’zoligini kengaytirishga oid hujjatlar o‘rin olgan.

Qashqadaryoda xususiy bog‘chadan qochib ketgan bolani poyezd urib ketdi

Qashqadaryoning Koson tumanida xususiy bog‘chadan chiqib ketgan to‘rt yoshli bolani «Afrosiyob» tezyurar poyezdi urib ketdi. Olingan jarohatlar oqibatida bola vafot etgan. Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi holat yuzasidan surishtiruv harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.

Farg‘onada uyida ukol olgan qizaloq vafot etdi

Uchko‘prik tumanida sobiq hamshira uy sharoitida ehtiyot choralarsiz ukol qilishi oqibatida qizaloq vafot etdi. Ukol qizda allergik reaksiyani yuzaga keltirgan va nafas yo‘llarini berkitgan. Hamshiraga bir qator sabablar tufayli 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

BAA Samarqand shahridagi infratuzilmalarni yaxshilash uchun qariyb $300 mln kredit ajratadi

Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun $300 mlnga yaqin kredit ajratadi. Mablag‘lar yillik 2,5% stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 17 yilga beriladi.

IIV Toshkentga kirish yopilgani haqidagi xabarlarni rad etdi

IIV Toshkent va boshqa viloyatlarga kirish va chiqish yopilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda esa YPX xodimlari SHHT sammiti doirasida faqatgina Samarqandga kirish yopilishi tufayli aylanma yo‘llarni tushuntirayotgani aks etgan.

«Bunyodkor» stadionida drenaj tizimi shu vaqtgacha umuman ishlamagan — Diyor Imomxo‘jayev

O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev «Bunyodkor» stadionidagi yashil maydonda drenaj tizimi shu vaqtgacha umuman ishlamaganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, suv qumda qolib, maysani chiritib borgan. Endi tizim qayta ishlab chiqiladi va uning usti standart bo‘yicha qoplab boriladi, deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev shu hafta Szinpin, Raisiy hamda Putin bilan muzokaralar o‘tkazadi

O‘zbekiston prezidenti shu hafta SHHT sammiti doirasida Samarqandda XXR raisi Si Szinpin, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ular o‘zaro hamkorlikdan tashqari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadi.

Elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilma yaratildi

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida quyosh energiyasidan foydalangan holda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilma yaratildi. Tizim yiliga 32 ming kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 950 ta elektromobilni quvvatlash imkonini beradi.

O‘zbekistonda aholiga dehqonchilik uchun yerlar 30 yilga ijaraga beriladi

Prezident qarori bilan aholiga dehqonchilik uchun ekin maydonlari 30 yilga ijaraga beriladi. Ijaraga berish ochiq elektron tanlov orqali o‘tkaziladi. Unda bir nafar talabgor ishtirok etsa ham, tanlov o‘tkazilgan hisoblanadi.

Hafta davomida havo iliq va quruq bo‘ladi

O‘zbekistonda hafta davomida ob-havo iliq va quruq bo‘ladi. 13 sentabr kunidan sovuq havo respublika hududidan chekinishi boshlaydi va havo +28…+30 gacha isiydi. Respublikaning tog‘li hududlarida esa biroz yomg‘ir yog‘adi.

Toshkentdagi 142-maktab o‘quvchilariga «bepul, lekin xunuk» soch kaltalash taklif qilindi

Toshkentdagi 142-maktabda IIB xodimlari o‘quvchilarga soch turmagi uchun tanbeh berdi. Qonunchilikka ko‘ra, soch uzunligi 2−3 sm bo‘lishi lozim. Poytaxt IIBB o‘quvchilar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgani, qolaversa, bolalardan birining yonidan qaychi topilganini qayd etdi.

Fitch Ratings 2022 yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish kutilmalarini 5,1 foizga oshirdi

Fitch Ratings 2022 yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati kutilmasini 5,1 foizga oshirdi. Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda inflyatsiya darajasi o‘rtacha 11,7% ni tashkil qiladi va 2024 yilga kelib 9,2% ga pasayadi. O‘zbekiston suveren kredit reytingi esa VV- (barqaror kutilma) darajada baholandi.

Xiva shahri va tumanida gaz 10 soatga o‘chiriladi

Xiva shahrining barcha mahalla va Xiva tumanining ba’zi hududlarida ta’mirlash ishlari sabab gaz ta’minoti soat 08:00 dan 18:00 gacha to‘xtatiladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Qirg‘izistonda otib o‘ldirilgan jurnalist Alisher Soipov ishi bo‘yicha tergov yana to‘xtatildi

Qirg‘izistonlik jurnalist Alisher Soipov 2007 yili O‘shda otib ketilgandi. 2010 yilda qotillikda ayblangan shaxs ham oradan 2 yil o‘tib ozodlikka chiqarilgan. 15 yildirki jurnalistning qotili topilmayapti. Marhumning ukasi «Gazeta.uz»ga ish 2019 yilda qayta ochilib, 2022 yilda yana yopilganini ma’lum qildi.

Badbo‘y hidli ko‘l, kallaklangan daraxtlar, qayta tiklangan gummaxona — Milliy bog‘dan reportaj

Prezident tashrifidan so‘ng poytaxtdagi qayta ta’mirlangan Milliy bog‘ yana o‘z faoliyatini boshladi. «Gazeta.uz» muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam qisqa vaqt ichida gavjum maskanga aylangan bog‘dan fotoreportaj tayyorlashdi.