13 sentabr kuni SHHTga a’zo davlat rahbarlari sammiti doirasida O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abduraxmonov hamda «Luye Invetment Group Co.,Ltd» kompaniyasi rahbari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda Innovatsion rivojlanish vazirligi kompaniya bilan hamkorlikda 2023−2028 yillarda umumiy qiymati 100 mln dollarga teng bo‘lgan Innovatsion vaksinalar markazini tashkil etishi bo‘yicha memorandum imzolandi. Shuningdek, kompaniyaning rasmiy vakili Lyu Dyanbo O‘zbekistonda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan koronavirusga qarshi vaksina yaratish va ishlab chiqarish bo‘yicha olib borayotgan ishlarga yuqori baho berdi.


«Innovatsion vaksinalar markazi — Markaziy Osiyoda yagona to‘liq siklli biotexnologik ishlab chiqish korxonasi bo‘lib, mahalliy va MDH mamlakatlari bozorini yuqori texnologik mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini beradi. Loyiha doirasida gepatit A, gepatit B, papilloma, qizamiq, qoqshol va boshqa kasalliklar viruslarini davolashda ishlatiladigan umumiy hajmi 2 mlrd dollarga teng bo‘lgan 10 xil vaksinani yiliga 200 million dozada ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan», — deyiladi xabarda.

Ushbu to‘liq siklli biotexnologik ishlab chiqarish korxonasining ilmiy hajmdorligi va kelgusida yuqori malakali ilmiy mutaxassislar jalb qilinishini inobatga olib, Innovatsion vaksinalar markazini Toshkent viloyatida tashkil qilish taklif etilmoqda.