O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston prezidentlari Samarqandda uchrashdi

SHHT sammiti arafasida Samarqandda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yetakchilari muzokara o‘tkazdi. Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux ikki davlat o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy aloqalarga tizimli tus berish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ni qabul qilishga kelishib oldi.

Shavkat Mirziyoyev va Ibrohim Raisiy muzokara o‘tkazdi

SHHT sammitida ishtirok etish uchun Eron prezidenti Samarqandga tashrif buyurdi. Shavkat Mirziyoyev va Ibrohim Raisiy muzokaralar davomida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, qolaversa, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi.

Pensiyani hisob-kitob qilishning yangi tartibi joriy etiladi

Senatning 32 yalpi majlisida 2023 yil 1 yanvardan pensiyani hisoblashda bazaviy miqdorni 12 barobariga (3,8 mln so‘m) oshirish taklifi ma’qullandi. O‘zgarishlarni amalga oshirishda Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 1,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘lar talab etiladi.

Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi o‘rinbosari Rozmari DiKarloni qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti BMT bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarloni qabul qildi. Tomonlar Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va afg‘on xalqiga ko‘maklashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.

Qashqadaryoda Lacetti urib yuborgan voyaga yetmagan bola vafot etdi

Qashqadaryoda Lacetti belgilangan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib ketdi. Buning oqibatida bolakay vafot etdi. Haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston Xitoy hamkorligida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantiradi

O‘zbekiston Xitoy bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 506,8 mln dollarlik loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvga erishdi.

Misr va Qatar SHHTning muloqot bo‘yicha hamkoriga aylandi

Toshkentda Misr va Qatarga SHHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomini berish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Ushbu maqomni yana to‘rtta davlat oladi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruv o‘tkazish ro‘yxatga olinadi

Prezident qarori bilan tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Tizimda bo‘lmagan tekshiruvlarni o‘tkazish esa noqonuniy hisoblanadi. Qarorga ko‘ra, ayrim hollarda tadbirkor nazoratchilarni tekshiruv uchun hududiga qo‘ymaslikka haqli.

O‘zbekiston Ozarbayjon va Armaniston chegarasida tinchlikka erishilganini olqishladi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida yuzaga kelgan harbiy to‘qnashuv bartaraf etilganini olqishladi. Shuningdek, tomonlarni mavjud muammolarni tinchlik muzokaralari va maslahatlashuvlar doirasida hal etishga chaqirdi.

14 sentabr uchun tijorat banklari tomonidan belgilangan dollar kursi

Markaziy bank 14 sentabr uchun xorij valyutasining so‘mga nisbatan yangi qiymatini e’lon qildi. Shunga ko‘ra, tijorat banklari ham dollar kursini yangiladi.

Senat raisi — hukumatga: «Hammasini davlat rahbariga tashlab qo‘yish kerak emas»

Tanzila Narbayeva daraxtlar kesilishi, talabalar yotoqxonasi, poytaxtdagi tirbandliklar kabi muammolar tarmoqlarga chiqqanidan keyingina, hukumat harakatga tushishini tanqid qildi va prezidentning o‘zi yechim topib berayotganini aytdi. «Hammasini davlat rahbariga tashlab qo‘yish kerak emas», — dedi Senat raisi.

Avgustda poytaxtda 14 statsionar radar o‘rnatildi

Avgust oyida Toshkent shahrida 14 ta onlayn rejimda ishlovchi statsionar radar paydo bo‘ldi, ularning barchasi Olmazor tumanida o‘rnatilgan. YHXX radarlar o‘rnatilgan joylar ro‘yhatini e’lon qildi.

Uzbekistan GTL zavodida ilk bor sintetik aviakerosin ishlab chiqarildi

Uzbekistan GTL zavodida jahon tarixida ilk bor sintetik aviakerosin mahsuloti ishlab chiqarildi. Avvalroq zavodda ilk sintetik dizel va neft mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgandi.

Farg‘onada viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlandi

Endi ijrochilar sahnada cholg‘uchilar bilan birga jonli ijroda kuylaydi. Shuningdek, viloyatda o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda sahnaga chiqadigan qo‘shiqchilar ochiq tanlov asosida tanlab olinadi.

Mirzo Ulug‘bek tumanida avtobus yonib ketdi

Mirzo Ulug‘bek va Do‘rmon yo‘li ko‘chalari chorrahasida ketayotgan avtobusda ertalab yong‘in chiqdi. Uni o‘chirishga 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib keldi va 3 daqiqada vaziyatni bartaraf etdi. Avtobusning, asosan, motor qismi yonib zararlangan.

Elektron firibgarlik yoki o‘g‘rilik uchun 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda

Senatda elektron firibgarlik va o‘g‘rilik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashga oid qonun ma’qullandi. Ular qayd etishicha, bu kabi jinoyatlar ortib bormoqda. Masalan, firibgarlik bilan bank kartalaridan pulni talon-toroj qilish bo‘yicha 7 oyda 1812 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkentda o‘tkaziladigan kinofestival sabab uchta ko‘cha yopiladi

14 sentabr kuni «Ipak yo‘li durdonasi» XIV Toshkent xalqaro kinofestivali o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Chilonzor, Alisher Navoiy ko‘chalari qisman, Paxtakor ko‘chasi esa to‘liq yopiladi.

Toshkent hayvonot bog‘idagi jirafaning o‘lim sababi ma’lum qilindi

Toshkent hayvonot bog‘i Alatau laqabli jirafaning o‘lim sababini ma’lum qildi. O‘limga o‘n ikki barmoqli ichakning tug‘ma nuqsoni tufayli hosil bo‘lgan timpaniya natijasida yuzaga kelgan miya ishemiyasi sabab bo‘lgan.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Maqom qo‘riqchisi

«Gazeta.uz» ofisi yonidagi xonadan vaqti-vaqti bilan qorovul Obidjon Rasulov ijrosidagi jonli maqomni eshitib qolishingiz mumkin. U boshlang‘ich maktabda musiqa o‘qituvchiligidan Islom Karimov qarorgohida qorovullikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Noyob hayot torlariga ega oddiy inson hikoyasini so‘zlab beramiz.