Uzbekistan GTL zavodida jahon tarixida ilk bor, xalqaro standart (ASTM D-7566) va texnik talablariga mos bo‘lgan sintetik aviakerosin mahsuloti ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, sintetik kerosinning 23 ta asosiy fizik-kimyoviy va texnik parametrlari to‘liq talab darajasiga yetkazilgan. Asosiy parametrlardan biri bo‘lgan muzlash harorati xalqaro standart talab darajasiga (-47 daraja) yetkazish ishlari yakunlandi.

Bugungi kunga qadar, Uzbekistan GTL zavodi tomonidan IATA, ASTM International, Def Stan xalqaro tashkilotlarining aviatsiya yoqilg‘isi uchun xom ashyo sifatida GTL kerosinini sintetik komponent sifatida foydalanishga ruxsat etilganligi to‘g‘risida ijobiy xulosalar olingan, deyiladi xabarda.

GTL zavodida ishlab chiqarilgan sintetik kerosinining birinchi partiyasi namunasi olinib, xalqaro aviasohani tartibga soluvchi tashkilot (IATA) tavsiyasiga ko‘ra, muvofiqlik sertifikatini olish uchun SGS kompaniyasining Estoniya, Belgiya va Fransiyadagi laboratoriyalariga tahlil va tegishli xulosa olish uchun yuborildi.

Shuningdek, ishlab chiqarish hajmini oshirib borish natijasida mahsulot tannarxining arzonlashishiga erishish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Joriy yilning 14 sentabr kunidan boshlab O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali sotuvga joylashtiriladigan sintetik dizel yoqilg‘isining bir tonnasi boshlang‘ich narxi 13 mln 897 ming 109 so‘mgacha arzonlashtirilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq zavodda ilk sintetik dizel va neft mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgandi.