Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 avgustdagi 485-son qarori bilan Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti va uning Buxoro filiali faoliyati tashkil etildi.
Qarorga qo‘ra, institut Fanlar akademiyasidan Madaniy meros agentligi tuzilmasiga o‘tkazildi.
Institutning vazifalariga quyidagilar kiradi:
- Qadimgi tosh asridan boshlab rivojlangan o‘rta asrlarni o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyoning moddiy va ma’naviy madaniyati tarixini o‘rganish borasida fundamental tadqiqotlar olib borish;
- tadqiq etiladigan davrlar madaniyatlari xronologiyasini va davrlashtirilishini ishlab chiqish;
- O‘zbekiston hududining ibtidoiy odamlar tomonidan o‘zlashtirilishini, sivilizatsiyaning shakllantirilishini, ilk shaharlar davlatchilik, qadimgi jamiyatlar dunyoqarashini, jahon dinlari paydo bo‘lishini va rivojlanishini, savdo-sotiq munosabatlari va «Buyuk ipak yo‘li» tarixini o‘rganish;
- hunarmandchilik, metallurgiya va kon ishi, arxeologik yodgorliklarni aniqlash, arxeologik tadqiqotlar olib borish, xaritaga tushirish va ilmiy muomalaga kiritish;
- respublika hududidagi noyob arxeologik yodgorliklarni ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
- arxeologik topilmalarni ta’mirlash uslubi va qadimiy texnologik usullarni tiklash hamda ushbu yo‘nalishda vakolatli organ tomonidan berilgan tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lgan arxeologiya tadqiqotlarini jalb qilish;
- arxeologiya sohasida ilmiy kadrlar tayyorlash, Institutning ilmiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, jahon ilm-fani yutuqlarini o‘rganish, ulardan foydalanishni hamda mahalliy va xalqaro miqyosda qo‘shma tadqiqotlar tashkil etish.
Shuningdek, institut respublika hududida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarni ilmiy-uslubiy jihatdan yo‘naltirish hamda tabiiy fanlarning zamonaviy tadqiqot uslublarini arxeologik izlanishlarga keng joriy qilish faoliyatini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan davlat ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.