Hukumatning 16 sentabrdagi [507-sonli] qarori bilan jamoat transportida imtiyozli yurish kartasini berish bo‘yicha reglament tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, shahar yo‘lovchilar transportida (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalari beriladi.

Belgilangan reglamentga muvofiq, quyidagi shaxslar:

  • 1941−1945 yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan bo‘lmish harbiy xizmatchilar;
  • 1941−1945 yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
  • 1941−1945 yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
  • Afg‘oniston respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish fuqarolar;
  • haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
  • ko‘zi ojiz nogironlar va ko‘zi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxslarga imtiyozli transport kartasini oladi.

Kartani olish uchun hududiy transport boshqarmalariga yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilish kerak. Vakolatli organ arizani 2 ish kunida o‘rganib imtiyozli karta berish yoki uning berilishini rad etish haqida murojaat qiluvchiga ma’lumot yuboradi. Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi, imtiyozli karta cheklanmagan muddatga beriladi.

Qarorga muvofiq, imtiyozli transport kartalarini berish bosqichma-bosqich:

  • 1 yanvardan — Toshkent va Samarqand shaharlarida
  • 1 maydan — respublikaning barcha shaharlarida amalga oshiriladi.

Eski namunadagi guvohnomalar 2023 yil 1 sentabrgacha o‘z kuchini saqlab qoladi.