3−5 sentabr kunlari bir guruh xalqaro moliyaviy firibgarlar InfinBank`dan xakerlik yo‘li bilan pul o‘g‘riladi. Bu xaqda bank matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, noma’lum shaxslar xorijda joylashgan fiktiv merchant xizmatlaridan InfinBank`da o‘zlarining jinoiy sheriklarining nomiga ochilgan Visa plastik kartalariga valyuta mablag‘larini o‘tkazishga uringan. Ular pullarni shu kunning o‘zida bankomat tizimlarida naqdlashtirish, boshqa banklarning mobil ilovalari, Humo va Uzcard tizimida ochilgan kartalar vositasida o‘zlashtirgan.

Hozirda jinoiy guruhning a’zolari aniqlangan. Gumonlanuvchilar qo‘lga olingan. Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda surishtiruv va tergov harakatlari ketyapti.

«Noqonuniy ishlatilgan va o‘zlashtirilgan mablag‘larning bir qismi undirildi va qolgan qismini undirish harakatlari amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘g‘rilangan summa 2 mln dollar atrofida ekani aytildi, biroq, bank bu xabarni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Surishtiruv, tergov va undiruv harakatlari yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot va axborotlar berilishi aytilmoqda.