Navoiy viloyati prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlar orqali Xatirchi tumani Navbahor MFYdagi xonadonlarning birida uy egasi yer kavlayotib, ko‘mib yuborilgan odam skeleti topib olgani aytilayotgan xabar yuzasidan bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Xatirchi tumanida yashovchi fuqaro R. Z 2022 yilning 16 sentabr kuni yashash xonadoni hovlisida joylashgan ekin yerini kavlayotgan vaqtida odam suyagiga o‘xshash suyaklar chiqqanini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lum qilgan.

«Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, ekspertiza tekshiruvi uchun tegishli namunalar olingan. Sud-tibbiy hamda sud-tibbiy kriminalistik ekspertizalar tayinlangan», — deyiladi xabarda.