Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi mojaro aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Xabarda aytilishicha, 2022 yil 10 avgust kuni N.B. va Z.A. Shayxontohur tumani Jangoh mavzesida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan o‘zaro janjallashib, jamoat tartibini buzishgan. Holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida fuqaro N.B. chaqirilgan vaqtda ichki ishlar organlari xodimining IIBga ko‘rsatilgan muddatda kelish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini bajarmagan.

Yuqoridagi holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga taqdim etilgan. Birok N.B. bir necha marotaba sud tomonidan chaqirtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, sababsiz sud majlisiga kelmaganligi uchun uni majburiy keltirish qarori chiqarilgan.

Tarqalgan videolarda esa 9 sentabr kuni fuqaro N.B. IIO xodimlari tomonidan majburiy tartibda sudga olib ketilayotganligi holati videoda aks etgan.

«Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan fuqarolar N.B. va Z.A.ga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Xodimlarning harakati yuzasidan prokuratura tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda», — deyiladi xabarda.