«O‘zbekiston BMTning ko‘p tomonlama kun tartibini ilgari surishda yetakchi o‘rinni egallaydi» — Antoniu Guterrish

Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMTning Nyu-Yorkda tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. Bosh kotib O‘zbekiston va BMT o‘rtasida kengayib borayotgan hamkorlikni olqishladi. Guterrish O‘zbekiston tinchlik, xavfsizlik, inson huquqlari va iqlim kabi sohalarda ishonchli hamkor ekanini qayd etdi.

Maktab shahodatnomasini yo‘qotganlar xujjat dublikatini onlayn olishi mumkin

Maktab shahodatnomasini yo‘qotganlar uchun hujjat dublikatini masofadan turib olish xizmati yaratildi. Buning uchun yagona portalga (my.gov.uz) ariza yuboriladi. Dublikat elektron shaklda berilgach, maktabdan berilgan attestat o‘z kuchini yo‘qotadi.

Toshkent xalqaro aeroportida MIB bo‘limi tashkil etildi

Toshkent xalqaro aeroportida Majburiy ijro byurosining xizmat ko‘rsatish bo‘limi tashkil etildi. Bo‘limda yo‘lovchilar xorijga chiqishini cheklaydigan qarz bor yoki yo‘qligini tekshirtirishi mumkin. Qarz to‘langandan so‘ng, xodim taqiqni olib tashlaydi.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi

Emomali Rahmon telefon orqali muloqotda Shavkat Mirziyoyevga tojik-qirg‘iz chegarasidagi voqealar rivoji haqida ma’lumot berdi. Qirg‘iziston prezidenti bilan muloqotda ham Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yaqinda yuz bergan fojiali voqeani muhokama qildi. Shavkat Mirziyoyev qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi va ikki tomonlama kelishuvlarga erishilganini olqishladi.

Shifokorlarga qo‘shimcha ustama to‘lanadigan olis hududlar ro‘yxati tasdiqlandi

Shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha har oylik ustama to‘lanadigan 297 ta olis va chekka hudud ro‘yxati tasdiqlandi. Ularning maoshiga 2 mln so‘m ustama belgilanadi va ipoteka asosida uy-joy sotib olishda 50 foizigacha, biroq BHMning 500 barobaridan oshmagan qismi qoplab beriladi.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Afg‘oniston» tranzit yo‘nalishi bo‘ylab birinchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Afg‘oniston» multimodal yo‘lagini rivojlantirish maqsadida «Qashg‘ar-O‘sh-Andijon-G‘alaba-Hayraton» yangi tranzit yo‘nalishi bo‘ylab yuk poyezdini sinov o‘tkazish boshlandi. Yuk tarkibiga oziq-ovqat, maishiy texnika va xo‘jalik mollari kiradi.

Toshkentda yuk mashinasi ko‘prik chetiga ag‘darilib ketdi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida qurilish chiqindilarini ortib ketayotgan yuk mashinasi yangi qurilgan ko‘prikning chetiga ag‘darildi. Haydovchi qo‘lidan jarohat oldi. Hozirda ushbu yo‘lning bir qismi ta’mirlash uchun yopilgan.

Politico: AQSh kelishuv evaziga O‘zbekistonga afg‘on samolyotlarini berishi mumkin

AQSh hukumati O‘zbekiston va Tojikistonga «chegara xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash sohasida munosabatlarni chuqurlashtirish» bo‘yicha norasmiy kelishuv evaziga afg‘on samolyotlarining bir qismini berishi mumkin, deb yozadi Politico nashri.

Oltin-valyuta zaxiralari 2021 yil aprelidan beri eng past darajaga tushdi

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari avgust oyida ham kamayishda davom etib 34,08 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Zaxiralar ketma-ket ikkinchi oy pasayib, 2021 yil apreldan beri eng past darajaga yetdi.

Surxondaryodagi fermer xo‘jaligida 17 tup archa va ko‘kterak kesib tashlandi

Boysun tumanidagi fermer xo‘jaligiga biriktirilgan tog‘li hududda 10 tup Zarafshon archa, 7 tup ko‘k terak daraxtlari tag qismidan kesilganligi aniqlandi. Buning ortidan o‘simlik dunyosiga 105 mln so‘m zarar yetkazilgan. Uni fermer xo‘jaligi qoplaydigan bo‘ldi. Shuningdek, ish bo‘yicha hujjatlar sudga oshirildi.

«Sardoba ishi» bo‘yicha yana 29 kishiga sud hukmi o‘qildi

Sardoba suv omborini loyihalashtirish va qurilishiga mas’ul bo‘lgan yana 29 kishiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Ularning 3 nafari 5 yildan 10 yilgacha qamaldi, qolgan 26 nafari esa jarimaga tortildi. Ularga shuningdek, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash taqiqlandi.

Davlat fuqarolik xizmati tizimini monitoring qilish taklif etildi

«Davlat fuqarolik xizmati sohasida monitoring o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom loyihasi muhokama uchun portalga qo‘yildi. Nizom bilan davlat fuqarolik xizmati tizimida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunga rioya etilishini ta’minlash maqsadida monitoring o‘tkazish tartibi belgilanishi kutilmoqda.

Toshkent viloyatida XVI-XVII asrlarga oid mis tangalar topildi

Parkent tumanidagi xonadonlarning birida XVI-XVII asrlarga oid mis tangalar topildi. Ularning soni 939 ta ekanligi aniqlanib, o‘rganish va davlatga topshirish uchun uy egalaridan olindi.

Namanganda YTH oqibatida 5-sinf o‘quvchisi vafot etdi

Namanganning Mingbuloq tumanida Lacetti yuqori tezlikda kelib, yo‘lning belgilanmagan qismidan yugurib o‘tayotgan 5-sinf o‘quvchisini urib yubordi. Qiz kasalxonada vafot etgan.

Azerbaijan Airlines Bokudan Samarqandga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi

oktabr oyidan boshlab Ozarbayjonning yirik aviakompaniyasi Samarqandga yangi qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Shaharga parvozlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Shuningdek, Boku-Toshkent-Boku yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga 5 martagacha ko‘payadi.

Tijorat banklari 20 sentabr uchun taklif qilayotgan dollar kursi

Markaziy bank 20 sentabr kungi o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursini 10 979,29 so‘m etib belgiladi. Ushbu qiymatdan kelib chiqib tijorat banklari ham o‘z takliflarini yangiladi.

350 mingdan ortiq fuqaroning pensiyasi oshiriladi

1 yanvardan boshlab pensiyani hisoblash uchun foydalaniladigan maksimal o‘rtacha oylik ish haqi miqdori oshiriladi. Jami 352 ming fuqaroning pensiya miqdori qayta hisoblab chiqiladi.