Migratsiya agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni namoyishlarda qatnashmaslikka chaqirdi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolaridan ruxsat berilmagan ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikni so‘radi. Avvalroq «Vesna» harakati 21 sentabr kuni e’lon qilingan qisman safarbarlikka qarshi norozilik namoyishi qilishga chaqirgandi. Bosh prokuratura ham boshqa davlatlar qurolli kuchlariga qo‘shilmaslikka da’vad qilmoqda.

OAV: Alisher Usmonovning Germaniyadagi villalarida tintuv o‘tkazildi

Germaniyada rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovga aloqadorligi aytilayotgan 24 ta obyektda tintuvlar o‘tkazildi, deb yozadi OAV. Milliarder Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzganlikda gumonlanmoqda.

O‘zbekiston YeI va Janubiy Koreyadan 40 tagacha poyezd xarid qilishi mumkin

«O‘zbekiston temir yo‘llari» 34 ta elektropoyezd, 6 ta dizel poyezdi va 100 dan ortiq yangi yo‘lovchi vagonlarni xarid qilishni rejalashtirmoqda. Tashkilot bu borada Alstom, Siemens, Ssoda va Hyundai kabi kompaniyalar bilan muzokaralar olib bordi.

Prezident kimyo zavodlaridagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Shavkat Mirziyoyev 21 sentabr kuni kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unda Kimyo zavodlarida ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yangihayot tumanida 500 ming kishilik yangi shaharcha quriladi

Toshkentning Yangihayot hamda Bektemir tumanlarining jami 1400 gektar maydonida yangi shaharcha bunyod etiladi, dedi Yangihayot hokimi Hayot Inog‘omov. Hozirda uning master rejasi ishlab chiqilmoqda. «Toshkent markaziga chiqmay, shu yerda ishlab, shu yerda yashasa bo‘ladi», — dedi hokim.

Qozog‘iston va boshqa davlatlar banklari «Mir» kartalariga xizmat ko‘rsatishni cheklamoqda

Qozog‘iston, Armaniston, Turkiya va Vetnamdagi ayrim banklar AQSh Moliya vazirligining ikkilamchi sanksiyalar xavfi haqidagi ogohlantirishi ortidan Rossiyaning «Mir» to‘lov tizimi kartalariga xizmat ko‘rsatishni cheklamoqda. O‘zbekiston Markaziy banki hozircha vaziyatga izoh bermadi.

Fuqarodan 8 ming dollar pora olgan ikki advokat ushlandi

Fuqarodan ko‘rilayotgan jinoyat ishni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan advokatlar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

Qishloqlarda chet tillarini o‘rgatuvchi markazlarga 50 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Hukumat qarori bilan qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha bir martalik subsidiya ajratiladi. Talabgor subsidiya olish uchun elektron tartibda murojaat yo‘llaydi. Mazkur yangilik 1 oktabrdan amalga kiritiladi.

Toshkentda 7 qavatli turar-joy tomiga qo‘shimcha qavat qurilayotgani aniqlandi

Toshkent shahrining Olmazor tumanida fuqarolar yetti qavatli uyning tomiga qo‘shimcha qavat qurilayotgani yuzasidan norozilik bildirdi. Kompaniya mansarda qavat va tom qismiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritgan, shu bois tegishli da’vo arizasi sudga yuboriladi, deya ma’lum qildi Qurilish vazirligi.

Tijorat banklari 21 sentabr kungi dollar kursini yangiladi

Markaziy bank 21 sentabr kungi o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursini 10 950,46 so‘m etib belgiladi. Ushbu qiymatdan kelib chiqib tijorat banklari ham o‘z takliflarini yangiladi.

Sirdaryoda 4,5 gektar yerni $240 mingga sotishda gumonlangan shaxslar ushlandi

Sirdaryo viloyatida daryo qirg‘og‘idagi 4,5 gektar yerni 240 ming dollarga sotishga uringan shaxslar kelishilgan pulning 13 ming dollarini olayotgan vaqtda ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tadbirkorlarga xodimning homiladorlik nafaqasini davlat qanday to‘lab berishi tushuntirildi

Hukumat qarori bilan xususiy tashkilot xodimlariga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lash tartibi belgilandi. Nafaqa farzand tug‘ilgunigacha 1 992 000 so‘mga yaqin miqdorda beriladi. Plastik karta orqali oyning 10-sanasigacha, naqd ko‘rinishda esa 27-sanasigacha taqdim etiladi.

O‘ktam To‘rayev Termiz shahriga hokim etib tayinlandi

Qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan O‘ktam To‘rayev Termiz shahriga hokim etib tayinlandi.

FlyDubai aviakompaniyasi Dubaydan Samarqandga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi

21 sentabr kuni Samarqand xalqaro aeroportida FlyDubai aviakompaniyasining Dubay — Samarqand yo‘nalishidagi ilk havo kemasi kutib olinadi. Aviakompaniya tomonidan yangi yo‘nalishdagi parvozlar haftaning chorshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

FAO O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha anjuman o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladi

FAO rahbari Suy Dunyu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan SHHT sammitida ilgari surilgan 2023 yilda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Hayot qaynamoqda» — talabalar yashashni boshlagan Tashkent Index kompleksidan fotoreportaj

Toshkentda yotoqxona muammosiga duch kelgan talabalar uchun Tashkent Index savdo majmuasida 10 ming o‘rinli yotoqxona tashkil etilishi aytilgandi. Hozirda talabalar yotoqxonalarga ko‘chishni boshlagan va bu yerda hayot qaynamoqda. «Gazeta.uz» muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam reportaj tayyorladi.

Forbes ilk bor O‘zbekiston ishonchli banklar reytingini e’lon qildi

Forbes Russia tomonidan e’lon qilingan O‘zbekistondagi eng ishonchli 10 ta bank reytingida NBU, Ipoteka bank, Sanoat qurilish bank peshqadam bo‘lishdi.

Bukhara Night Race: O‘zbekistondagi ilk tungi marafon qanday o‘tdi?

O‘zbekistondagi ilk tungi marafon 17−18 sentabr kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tdi. Ushbu marafonning boshqalaridan farqi unda bolalar ham faol ishtirok etdi, ular Kids Run 300 va Kids Run 600 masofalarini bosib o‘tishdi. «Gazeta.uz» eng qiziqarli onlar aks etgan marafondan fotoreportajni taqdim etadi.