Prezident 22 sentabr kuni «Respublikada kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Unda belgilanishicha:

  • 2023 yil 1 yanvardan boshlab Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatlari va ularning hududiy filiallari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatining hududiy filiallari tugatiladi;
  • tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlari tomonidan markazlashgan manbalar hisobidan loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlari amalga oshirilayotgan obyektlarning buyurtmachisi sifatida tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalarini belgilanadi;
  • 2023 yil 1 yanvarga qadar injiniring kompaniyalarining tashkiliy-huquqiy shaklini davlat unitar korxonasi shakliga o‘zgartiriladi.

Injiniring kompaniyalari tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlarining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.

Bundan tashqari qaror bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini o‘tkazish bo‘yicha majburiy tartib belgilandi.

Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilishda texnik me’yorlash markazi va Qurilishda standartlashtirish respublika markazi negizida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.