2022 yilning avgust-sentabr oylari davomida respublikaning turli viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarning jami 36 nafari ich ketishi, ko‘ngil aynishi kabi holatlar bilan shifoxonaga yotqizilgani aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda gapirdi.

Jumladan, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 39-sonli DMTTdan 8 nafar, Marg‘ilon tumani 16-sonli DMTTdan 8 nafar, Marg‘ilon shahar 24-sonli DMTTdan 4 nafar, Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 16-sonli MMTdan 11 nafar, Qashkadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan 32-son DMTTdan 5 nafar bola yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan.

«Oltiariq tumanidagi 39-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha bakteriologik laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra, ta’lim tashkilotida tayyorlangan taomlarning kunlik namunalaridagi saryog‘li nonda va banan hamda olmadan tayyorlangan mevali salatda ichak tayoqchasi bakteriyalari guruhiga mansub ichak tayoqchalari, tvorogli vatrushka va sutli kakaoda tilla rangli stafilakokk mikroblari aniqlangan. Shuningdek, omborxonada saqlanayotgan qiymalangan mol go‘shti va mol suyagi namunalaridan ham ichak tayoqchasi bakteriyasi topilgan», — deyiladi vazirlik xabarda.

Ushbu bog‘cha vaqtinchalikka yopilgan, barcha tegishli sanitariya gigiyena va dezinfeksiya xolatlari o‘tkazilganidan so‘ng, bakteriyalar aniqlangan Oltiariq tumanidagi DMTTlar qayta faoliyatini boshladi.

Shu bilan birga, vazirlik topshirig‘iga asosan sifatsiz yetkazib berilgan oziq ovqat maxsulotlarini yetkaziib beradigan tashkilotlar bilan ham shartnomalar bekor qilish choralari ko‘rilmoqda. Ovqatdan zaharlangan bolalar tegishli mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilgan va ularning umumiy xolati qoniqarli deb baholangan.

Bundan tashqari, kasallanish holati kuzatilgan bolalar bilan bir guruhdagi tarbiyalanuvchilar ham tekshiruvdan o‘tkazilganda hech qanday kasallanish holati uchramagan. Ta’lim tashkilotidagi 8 nafar bola bilan guruxda bo‘lgan 26 nafar bola ham statsionar sharoitda nazoratga olingan bo‘lib, ularning sog‘lig‘ida kasallik alomatlari kuzatilmagan.

CEO va JS xizmati Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar bo‘limining xulosasiga ko‘ra, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga «ovqatdan zaharlanish infeksiyasi» gumoni bilan 2022 yil 19 sentabr kuni Qarshi shahridagi 32-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari tomonidan murojaat kelib tushgan.

«O‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv va tekshiruv natijalariga ko‘ra, bakteriologik laboratoriyasiga olingan 15 ta surtmaning 5 tasida 33,3 foiz ichak tayoqchalari bakteriyalari guruhi aniqlangan, sutkalik ovqat namunalarida esa bakteriyalar aniqlanmagan. Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizamatining sanitariya-gigiyena laboratoriyasiga taqdim qilingan oziq-ovqat mahsulotlari Sanitariya qoida va me’yorlariga mos kelishi aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Vazirlikning qayd etishicha, yuqoridagi sanitariya xulosasi misolida diareyaga sabab bo‘ladigan omillarga faqatgina ovqatlanish jarayonini sabab qilib keltirmasligingiz zarur. Chunki, bundan tashqari ham diareyaga sabab bo‘luvchi ko‘plab omillar mavjud.

Bakteriya va parazitlar bolalarni o‘tkir diareya bilan og‘rishiga sabab bo‘ladi. Bunga olib keladigan omillarga faqatgina muddati o‘tgan ovqatni emas, qo‘lni toza yuvmaslik, meva va sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish kabi sababalarni ham keltirib o‘tish mumkin. Shu bilan birga, ich ketishi, isitma, ko‘ngil aynishi kabi holatlar faqatgina ovqatdan zaharlanish jarayonida kuzatilmaydi.

Mazkur holatlarda Sanitariya-Epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining xulosasi berilmaguniga qadar bunday xolatlarni ovqatdan zaxarlanish deb bo‘lmaydi.

Vazirlik ota-onalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari hamda oshpazlariga murojaat qilib, bolalarning qo‘llari tozaligiga, meva va sabzavotlarni toza suvda yuvgan holda iste’mol qilayotganligiga e’tiborli bo‘lishlarini so‘radi. Kuz mavsumida qo‘zg‘alish xavfi bor bo‘lgan o‘tkir infeksiyali kasalliklarning oldini olishga harakat qilishlarini qayd etdi.

«Shu o‘rinda, ayrim jurnalistlar hamda blogerlarga manbani to‘liq o‘rganmasdan, ma’lumotlarga qisman tayangan holda axborot tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz. Bunday ma’lumotlar fuqarolarimizda salbiy kayfiyat uyg‘otishini hisobga olgan holda, faktlar asosidagi ma’lumotlarga tayangan holda faoliyat olib borishlarini so‘rab qolamiz», — deya qo‘shimcha qilinadi vazirlik xabarida.