23 sentabr kuni hukumatning «Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [522-sonli] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining bergan xabariga ko‘ra, olis hududlarda ko‘mir, gaz va oziq-ovqat zaxiralari yaratiladi.
2022/2023 yillar kuz-qish davrida respublika bo‘yicha:
- 2,967 ta ko‘p kvartirali uylar;
- 299 ta gaz taqsimlash punktlari;
- 1,815.3 km ichimlik suvi tarmoqlari;
- 2,420 ta ijtimoiy soha obyektlari (jumladan, 13 ta maktab, 74 ta shifoxona va poliklinika, 7 ta OTM, 47 ta madaniyat obyektlari, 11 ta sport obyektlari mukammal) ta’mirlanadi.
Shuningdek,
- 149 km gaz quvurlarini tiklash-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi;
- 6,209 ta mahallaga 314,400 tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi;
- 1,680,000 tonna ko‘mir mahsulotlari zaxirasi yaratiladi (shundan ijtimoiy soha obyektlariga 518,000 tonna ko‘mir yetkazib beriladi);
- 443 ta olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq (ovul)larda ko‘mir, gaz va oziq-ovqat zaxiralari yaratiladi.
Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev global bozorlardagi narxlarning keskin tebranishini hisobga olib, ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash, aholini yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash lozimligini ta’kidlagandi. Bunda hududlar rahbarlariga oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, tovarlarni eksportga yetkazishda logistika masalalarini tezkor hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.