«Novaya gazeta. Yevropa» nashri Rossiya prezidenti administratsiyasidagi manbasiga tayanib, qisman safarbarlik e’lon qilinganidan keyin 261 ming erkak Rossiya Federatsiyasini tark etganini ma’lum qildi. Bu ma’lumot, ta’kidlanganidek, mamlakat Federal xavfsizlik xizmati (FSB) ma’muriyatiga taqdim etilgan.

Shu bilan birga, «Novaya gazeta. Yevropa» manbasi prezident apparati FSB ma’lumotlarining haqiqiyligiga shubha qilmoqda, chunki bunga qadar FSBning chegara xizmati «bunchalik tez ishlamagan». Uning so‘zlariga ko‘ra, bahorda ular ko‘proq uyali aloqa operatorlarining nisbatan kechroq keladigan ma’lumotlaridan foydalanishga harakat qilishgan.

Manbaning qayd etishicha, ushbu ma’lumotlardan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni chaqirish yoshdagi erkaklar uchun mamlakatdan chiqishni yopishga ishontirish mumkin. Biroq «Novaya gazeta. Yevropa»ning prezident administratsiyasidagi yana bir suhbatdoshining ta’kidlashicha, u davlat rahbarining chegaralarni yopish haqidagi farmoni loyihasini hali ko‘rmagan.

Chaqirish yoshidagi erkaklar Rossiyani asosan Qozog‘iston (eng uzun chegara, 51 nazorat punkti), Gruziya, Belarus, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston va Turkiya yo‘nalishida tark etmoqda, shuningdek, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonga ham uchishmoqda. Rossiyani qo‘shni davlatlar bilan chegaralardagi avtomobil o‘tkazish punktlari orqali tark etish ham keng ommalashmoqda. Zero, qisman safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng samolyot va poyezd chiptalari narxlari keskin ko‘tarilib ketdi.

Qozog‘iston

23 sentabrdayoq Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara xizmati Qozog‘iston-Rossiya yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatga kirib kelayotgan xorij fuqarolari soni ortgani haqida xabar bergan edi.

«Mavjud 30 ta avtomobil nazorat punkti normal rejimda ishlamoqda. To‘rttasida yo‘lovchilar va transport vositalarining ko‘payishi tufayli tirbandlik vujudga kelgan. Vaziyat alohida nazoratga olingan», — deyiladi boshqarma matbuot xizmati xabarida.

Bundan tashqari, ikki kundan keyin Qozog‘iston chegarachilari ham Kostanay viloyatida mavjud nazorat-o‘tkazish punktini chetlab o‘tib chegarani buzgan Rossiya Federatsiyasining uch fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qilishdi. «Qonunbuzarlar o‘z harakatlarini Rossiya hududida amalga oshirilayotgan qisman safarbarlikdan qochish istagi bilan izohlamoqda», — deyiladi xizmat xabarida. Tergov yakunlangach, ularni Rossiya tomoniga topshirish rejalashtirilmoqda.

Rossiyaliklar Qozog‘istonga ommaviy yo‘l olishini sabablaridan biri ularning keyinchalik boshqa davlatlarga ketish uchun Qozog‘iston havo bandargohlaridan foydalanish imkoniyatidir. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya qo‘mitasi rahbari v. b. Aslan Atalikov ma’lum qildi, deb xabar berdi Tengrinews.kz.

«Yangilikdan ma’lum bo‘lishicha, Rossiya aeroportlarida talab yuqori bo‘lgani sababli aviachiptalar mavjudligi bilan bog‘liq muammolar boshlangan. Ruslarning bizning havo bandargohimizdan relokatsiya uchun foydalanishlari ehtimoli ham immigrantlar oqimining sabablaridan biridir. Tranzitga kelsak, birgina sentabrning oxirgi kunlarining o‘zida RFning 40 ming fuqarosi Qozog‘istonni tark etgan», — dedi Aslan Atalikov.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, minglab rossiyaliklar Qozog‘iston orqali Qirg‘iziston va O‘zbekistonga ketgan. Besh kun ichida Qozog‘iston aeroportlari orqali 6 mingga yaqin rossiyalik uchib ketdi.

Foto: IA «TobolInfo»

Qozog‘istonning «TobolInfo» axborot agentligi Kostanay «Fuqarolar uchun hukumat» davlat xizmatlari markazlarida xorijliklarning katta navbatlari yuzaga kelganini ma’lum qildi. Ularning aksariyati Qozog‘iston bankida hisob ochish imkonini beruvchi shaxsiy identifikatsiya raqamini olish uchun markazga kelgan Rossiya fuqarolaridir.

Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari va davlat organlari rossiyaliklarning kirishini yopish rejasi haqida rasmiy xabarlar e’lon qilmadi. Aksincha, Qozog‘iston parlamenti Senati spikeri Maulen Ashimbayev 22-sentabr kuni mamlakat Rossiya fuqarolarining mamlakatga kirishini cheklab qo‘ya olmasligini aytdi, deb yozadi «Interfaks». Biroq, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi, yashash uchun ruxsatnoma qonunga muvofiq va faqat tegishli hujjatlar taqdim etilganidan keyin beriladi.

«Agar ruslar bizga kelib, keyin ketmoqchi bo‘lsa, bu yerda biron-bir ish bilan bir muddat qolishni istasa, bu yerda hech qanday savol tug‘ilmasligi kerak, biz cheklay olmaymiz», — dedi u.

Ushbu xabar e’lon qilinganidan so‘ng Qozog‘iston chegara xizmati yana chegaradagi vaziyatga izoh berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Qozog‘iston-Rossiya chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari yopilgani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Sizga shuni ma’lum qilamizki, Qozog‘istonning barcha nazorat-o‘tkazish punktlari normal rejimda ishlamoqda», — deyiladi chegara xizmati xabarida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chegaradan odamlar, transport vositalari va yuklarni o‘tkazish Qozog‘iston qonunchiligi va xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

«Rossiya tomonidan nazorat-o‘tkazish punktlari yopilgani haqida hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q», — deya ta’kidladi Qozog‘iston chegarachilari.

Gruziya

«Novosti — Gruziya» axborot portali ma’lumotlarida keltirilishicha, 26 sentabr holatiga ko‘ra, Gruziya-Rossiya chegarasida Yuqori Larsda Rossiyadan Gruziyaga ketmoqchi bo‘lganlarning avtomobillaridan iborat tirbandlik yuzaga kelgan.

«Gruziyaga kirish uchun mashinalar navbatining uzunligi 20 km dan oshadi. O‘tish juda sekin, lekin har ikki yo‘nalishda ham amalga oshirilmoqda. Ba’zi odamlar hali ham mashinalarda bo‘sh joylarni qidirib, nazorat punktiga yaqinroq yurishibdi. Ular chatlarda shimoliy kavkazliklarga chegarani kesib o‘tishni rad etish holatlari tez-tez uchraganini yozishmoqda», — deb yozadi gazeta.

Hisobotda aytilishicha, yuzlab odamlar Gruziyaga velosipedda kirayotgan bo‘lsa, ko‘pchilik neytral hudud orqali 5−7 kilometrlik yo‘lni piyoda bosib o‘tmoqda. Chegarada harakatlanayotgan avtomobillarning taxminiy soni 3000 tani tashkil etadi.

Foto: newsgeorgia.ge
Gruziya ichida muxolifatchi siyosatchilar ruslar uchun chegaraning yopilishi mumkinligini muhokama qilmoqdalar, bu muhokama mart oyida, emigratsiyaning birinchi to‘lqini paytida boshlangan. Muxolifatdagi «Yagona milliy harakat» partiyasi deputati Nona Mamulashvili Gruziya hukumati chaqirish yoshidagilarning Rossiyaga kirishini to‘xtatishi haqida norasmiy ma’lumot olganini aytdi.

Muxolifatdagi «Strategiya Agmashenebeli» partiyasi yetakchisi Giorgiy Vashadze Gruziya chegarasini Rossiya fuqarolari uchun yopishni talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan faqat uchta toifadagi fuqarolar mamlakatga kiritilishi kerak: Gruziya fuqarolari va Rossiyada yashovchi etnik gruzinlar, shuningdek, alohida holatlarda «gumanitar maqsadlarda» Rossiya fuqarolari.

Biroq Gruziyaning hukmron partiyasi Rossiya fuqarolari uchun viza rejimini va har qanday cheklovlarni joriy qilishni istisno etmoqda.

«Vaziyat to‘liq nazorat ostida. Barcha idoralar mas’uliyatli va mas’uliyat bilan harakat qilishda davom etadi», — dedi «Gruziya orzusi» partiyasi raisi Irakliy Kobaxidze.

Ushbu xabar e’lon qilinganidan so‘ng Gruziya bilan chegarada Rossiya tomonidan zirhli transportyor va harbiylar paydo bo‘lgani va ular taxminiy nazorat punkti yaratish uchun kelgani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu ma’lumot yuzasidan FSB izoh berdi.

«[Yuqori Lars nazorat-o‘tkazish punktida blokpost o‘rnatilgani haqidagi ma’lumotlar] soxta. Zirhli transportyorning u yerda harakatlanayotgani to‘g‘ri, biroq u blokpost o‘rnatish uchun harakat qilmayapti, qo‘pol qilib aytganda, zaxiradagilar o‘tkazish punktini buzib o‘tish va hech qanday «yoki chegara rasmiylashtiruvisiz mamlakatdan chiqib ketishni xohlab qolishmasin, degan maqsadda har ehtimolga qarshi. Hech qanday nazorat-o‘tkazish punktlari o‘rnatilmaydi», — deb ta’kidladi FSB chegara bo‘limi vakili.

«RIA Novosti»ning xabar berishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi ham qisman safarbarlik sharoitida fuqarolarning harakatlanishiga hech qanday cheklovlar yo‘qligini ma’lum qildi.