Farg‘onada ichki ishlar organlari xodimlari bir necha kishi guvohligida (tergovchilar va fuqarolar) bir ayblanuvchini kaltaklab, bo‘g‘ishga harakat qilgani tasvirlangan video tarqaldi, deya yozmoqda bloger Olimjon Haydarov.
Videoda ikki nafar IIO xodimi xonada bir necha odamlarning ko‘z o‘nggida bir kishiga qo‘pollik qilib, uni urayotganini ko‘rish mumkin. Xodimlardan biri fuqaroning bo‘ynidan bo‘g‘gan, biri esa tepib, yuziga tarsaki tushirgan.
Orada boshqa odamlarning ajratishga harakat qilishiga qaramay, xodimlar yana fuqaroni bo‘g‘a boshlagan. Xonaga boshqa odamlar kirib kela boshlaganidan keyin janjal yakunlangan.
Tarmoqlarda ushbu holat Farg‘ona viloyat Yozyovon tumanida sodir bo‘lgani, tasvirdagi xodimlar esa IIBning tezkor xodimi va uchastka noziri ekanligi aytilmoqda. Holat bir necha oy avval bo‘lgani, ikki xodim esa aybsiz deb ham topilgani qayd etilgan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 2021 yilning 14 iyul kuni Farg‘ona shahri Ichki ishlar bo‘limida sodir etilgan. Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan JKning 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda 2021 yil 2 dekabrda mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sud organlariga yuborilgan.
Mazkur jinoyat ishi joriy yilning 23 avgust kuni Farg‘ona viloyati JIB sudi tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, xodimlarning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q deb topilgan va oqlov hukmi chiqarilgan, dedi Shohrux G‘iyosov.