2022/2023 o‘quv yilida shu vaqtgacha tijorat banklari 27 897 nafar talabaga 317 mlrd so‘mdan ziyod imtiyozli kredit ajratdi. Markaziy bank boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shohruh Egamnazarov «Xalqaro press-klub» ko‘rsatuvida kredit olish tizimi haqida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, berilgan kreditning 242 mlrd so‘mini (76%) ayollar olgan. Ma’lumot uchun, prezident qaroriga ko‘ra, oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta’limda tahsil oluvchi xotin-qizlar 7 yilga 14 foizlik ta’lim krediti olishi mumkin. Bunda foiz stavkalarini Moliya vazirligining jamg‘armasi qoplab beradi. Xotin-qizlar esa asosiy qarzni o‘qishni tamomlagach, 7 yil davomida to‘laydi.
Ta’lim kreditini olish uchun uch tomonlama: talaba, OTM va bank o‘rtasida shartnoma tuziladi. Pul ko‘chirish yo‘li orqali OTMning hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
Buning uchun quyidagi 12 ta bank Moliya vazirligi bilan bitim imzolagan:
- Mikrokredit bank;
- Asaka bank;
- Agrobank;
- Xalq banki;
- Ipoteka bank;
- Qishloq qurilish bank;
- Turon bank;
- Orient Finance bank;
- Milliy bank;
- O‘zsanoatqurilishbank;
- Hamkorbank;
- Aloqa bank.
Kredit olish uchun talaba shu banklarning birortasiga borib shartnoma tuzishi yoki Markaziy bankning talimkrediti.uz platformasida onlayn ariza topshirishi mumkin.